Dunyo korrupsiya bilan qanday kurashmoqda?

O‘zA korrupsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan turkumni davom ettiradi. Ikkinchi maqolada ushbu xunuk ijtimoiy illatga qarshi kurash bo‘yicha dunyo peshqadamlaridan biri – Finlyandiya tajribasi bilan tanishamiz.

Finlyandiya korrupsiya balosidan, deyarli, qutulgan. Finlarning bu boradagi  nuqtayi nazari shundayki, ular hech kimni, jumladan o‘zini xam ayamay, ochiq va keskin tashhis qo‘yadi.

– Korrupsiya jamiyat davlat tomonidan yaxshi yoki yomon boshqarilayotganidan darak beruvchi ko‘rsatkich, – deb yozgan taniqli fin mutaxassisi, professor Seppol Tiixonen. – Bu ko‘rsatkich davlat, millat, xalq ishi siyosiy hokimiyat tomonidan adolatli boshqarilishini aks ettiradi. Zero, xavfsizlik va xalqning turmush sharoiti to‘g‘ri, odil, pokiza boshqaruvga bog‘liq. Eng yomoni, korrupsiya davlat va jamiyatda qonun ustuvorligini susaytiradi, birdan bir to‘g‘ri, ijobiy natija beradigan samarali yo‘ldan chalg‘itib, kishini pirovardida mushkul ahvolga solib qo‘yadi. Siyosiy barqarorlikni buzadi, ijtimoiy tenglikni yo‘qotadi, iqtisodiy rivojlanishni susaytiradi. Korrupsiya – davlat va hokimiyat faoliyatiga beriladigan bahoning mezoni.

Finlyandiyalik politsiyachilar uchun pora mutlaqo begona tushuncha. Qizig‘i, atigi bir avlod umri davricha muqaddam ushbu mamlakat korrupsiya botqog‘iga tamoman botgan edi.

O‘tgan asr 60-70-yillarida o‘ta korrupsiyalashgan yurt bugun ayni illatga qarshi kurash bo‘yicha peshqadamlar qatorida. Kuni kecha poraxo‘r bo‘lgan jamiyat o‘zini o‘zi tergab, qo‘lga olib, bu baloga qarshi turish uchun ruhi, ongi, bilagida kuch-quvvat topa oldi, kimgadir yaxshi, kimgadir yomon ko‘rinib, shafqatsiz, murosasiz kurashib, nihoyat natijaga erishdi. O‘ziga – xalqi, davlati, mulozimiga nibatan dunyo jamoatchiligi fikrini o‘zgartira oldi.

Raqamlarga murojaat kilaylik. 2014-yil o‘tkazilgan so‘rovda davlat sektori, biznes sohasi va kommunal xo‘jaligidagi 75 foiz respondent Finlyandiyada korrupsiya mavjudligini e’tirof etib, mazkur illatga qarshi turish bo‘yicha fikr-mulohazasini bildirgan. Tadqiqotning raqamlardagi ifodasi quyidagicha: o‘rganilgan idoralarning 24 foiz xodimi so‘nggi 5-yilda o‘zi ishlayotgan tashkilotda pora oldi-berdisidan xabardor bo‘lgan yoki korrupsiyaning boshqa bir ko‘rinishiga yuzma-yuz kelgan.

Yustitsiya vazirligi, oliy politsiya maktabi va Vaasa shahri professorlari hisobotida korrupsiya qay ahvoldaligi, ya’ni eng yuqori lavozimli siyosatchilar (siyosiy rahbarlar), davlat arboblari, vazirlar va mamlakat politsiyasi rahbarlari shunday ishlarga nechog‘li aralashgani to‘g‘risida aniq ma’lumot keltirilgan.

Demak, korrupsiya bilan bog‘liq xolatlar maorif vazirligi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimi, davlat boshqaruvida, iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq qator sohalar va ommaviy sektorda tez-tez uchrab turgan. Jinoiy javobgarlikka tortilganlar orasida Parlament deputatlari, shaharlar merlari va yuqori lavozimli davlat mulozimlari bo‘lib, ushbu ro‘yxat juda uzun edi.

Korrupsiya bo‘yicha eng ko‘p tarqalgan jinoyat turi mulozimlarning xalq ishonib topshirgan xizmat lavozimini suiste’mol qilishi hisoblanadi. Pora keng qamrovli tushuncha. Pul, mol, dunyo oldi-berdisi korrupsiyaga oid jinoyatning tarkibiy qismi, xolos.

O‘tgan asr 60-yillarida Davlat sudi tomonidan korrupsiya bo‘yicha ko‘plab yirik jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 1960-yil poraxo‘rlar orasida mas’ul davlat lavozimida xizmat qilgan sobiq Aarri Simonen, Vilyo Vyayriyen  kabi parlament deputatlari, vazirlar bor edi. Moliya vaziri Simonen “Rakennusliike Teora Oy” nomidagi yirik zamonaviy obyekt qurilishiga buyurtma berib, bajarilmagan ish hisobidan noqonuniy ravishda 200 million fin markasi miqdorida avans oladi. Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqadi, deganlaridek, ko‘p o‘tmay, kompaniya bankrotga uchraydi va soliq to‘lovchilar 300 million fin markasiga chuv tushadi. 1961-yil 14-dekabrda sud xizmat lavozimida sodir etgan jinoyati uchun mansabdorga nisbatan 375 ming marka soliq to‘lash to‘g‘risida hukm chiqaradi.

Voqeaning keyingi rivoji ham o‘ziga xos. Aarri Simonen bu jinoiy ishidan keyin 1966-yil adliya vaziri etib tayinlanadi va bu lavozimda 1970-yilga qadar ishlaydi. Sobiq ichki ishlar vaziri Vilyo Vyayriyen esa shu jinoiy ish yuzasidan jazo chorasi sifatida 80 ming marka soliq to‘lashga hukm qilinadi.

Yana bir misol. 1977-yil OAVda yirik korrupsion janjal haqida material bosilib chiqadi. “Salora” kompaniyasi bosh direktori Juko Nordell siyosatchilarga, yuqori lavozimdagi mulozimlarga pora berib, ularning chet elga xizmat safarlari xarajatini qoplaydi. Bu ish yuzasidan tergov olib borilib, besh vazir, Devonxonaning ikki mas’ul rahbari, shahar meri va soliq departamentining 30 nafar xodimini pora bilan sotib olib, o‘z izmiga tushirgani uchun Nordellga 3,5-yillik qamoq jazosi tayinlanadi. Bu jarayonda hisobotga kiritilmagan 6 million marka kimlarningdir cho‘ntagiga tushadi.

Sobiq maorif, sanoat va savdo vizirlari, sotsial-demokratlar partiyasi raisi, hatto, mamlakat prezidenti lavozimiga nomzodlar orasida eng loyiq, deb hisoblangan Ulf Sundkvist shaxsiy manfaatini ko‘zlab, inqiroz arafasida turgan bangga hukumat kafilligi asosida kredit olishga yordam ko‘rsatgani uchun ayblanadi. Oliy Sud 1997-yil 4-iyulda unga kompensatsiya tariqasida 16,4 million marka to‘lash bo‘yicha hukm chiqaradi. Sundkvist jarima miqdoridan 1,2 milliongina to‘laydi. Berilgan apellyatsiyadan keyin sud Sundkvistga nisbatan 6 oy shartli qamoq jazosini qo‘llaydi. U 2010-yil yana bir nufuzli lavozim – mashhur tadbirkorlar shajarasi asoschisi Rotshildning konsultanti etib tayinlanadi.

Xullas, Finlyandiyada vaziyat shunday jiddiy edi. Jinoyat sodir etilar, jinoyatchi topilar, ushlanar, tergov qo‘zg‘atilar, jazo chorasi qo‘llanar, lekin ko‘ngilsiz voqealar davom etaverardi. Mutaxassislar ko‘p o‘ylashdi, muammoni chuqur va izchil tahlil qilishdi, turli doiralarda keng ko‘lamli mushohada, munozaralardan keyin bir xulosaga kelishdi.

Dastlab boylar bilan kambag‘allar o‘rtasidagi katta farqni qisqartirish kerak, degan fikrga kelindi. Davlat, hukumat mutaxassislari fikri, tavsiyasiga asosan shunday qilindi. Hozir Finlyandiya aholisining turli qatlamlari daromadi o‘rtasidagi farq bor-yo‘g‘i 10 foiz. Jamiyat boylari kambag‘allardan 4-5 barobar ko‘proq pul topadi.

Adolat yuzasidan aytish kerak, bu nisbatan yaxshi ko‘rsatkich. Yevropa mamlakatlarida ayni farq yetti-sakkiz, Rossiyada esa 18 barobar.

Sezilarli tengsizlik hukmron jamiyatda odamlar boyligi progressiv suratda ortib boradi. Bunda tenglik, adolat buzilishi oson kechadi. Bundan hech kim manfaatdor emas.

Yurist, psixolog-ruhshunoslar tahliliga ko‘ra, boy va qashshoq qatlam orasidagi farq sezilarli jamiyatda qonun buzilishi, boshboshdoqlik, idora qilib bo‘lmaydigan hodisa ko‘p uchraydi, tez-tez ko‘ngilsiz voqealar, jinoyatlar sodir etiladi.

Yana Finlyandiyaga qaytamiz. Ishi yurishgan, tadbirkorligi o‘ngidan kelayotgan, daromadi yaxshi fin, ta’kidlash lozim, osmonda yurmaydi, o‘sha-o‘sha oddiy fin mashinasini minadi. O‘zini vatanning, davlatning fidoyi fuqarosi, deb biladi. Finlar haqiqatan vatanparvar, mamlakatini aldamaydi, politsiyachi yoki mulozimga pora bermaydi, davlat boshi berk ko‘chaga kirib qolishiga butunlay qarshi.

Nufuzli gazetaning birinchi sahifasida chiqqan bir maqolaga e’tibor beramiz:

– Finlyandiya Bosh vaziri nonushtasi uchun byudjetdan ortiqcha sarflangan xarajatni yonidan qoplashini aytdi. U komissiya aniqlagan miqdordagi  mablag‘ni davlatga qaytarmoqchiligini bildirdi.

Ko‘pchilik uchun erish tuyuladigan bu gap, bu holat Finlyandiya uchun odatiy.

Gap shundaki, fin soliq to‘lovchilari mamlakat Bosh vazirining yeyish-ichishi uchun har oy 850 yevro to‘lashar edi. OAV xabar berishicha, ikki yil ilgari bu xarajat 300 yevroga, ya’ni qariyb uch barobar kamaytirilgan.

– Bosh vazir Sanna Marinning nonushtasi uchun ketgan mablag‘, oxirgi payt xarajat hujjatida qayd etilganidan ko‘proq chiqdi, – deb yozadi “Ilta-Sanomat” gazetasi Bosh vazir yordamchisi Eliza Gebxarddan olingan ma’lumotga tayanib. – Hisob-kitobga faqat nonushta uchun sarflangan pul kiritilgan, xolos. Ketgan mablag‘ning hammasi hisobga olinsa, raqam qayd etilganidan ikki barobar ko‘payadi.

Yordamchining gapiga qaraganda, hukumat boshlig‘i oziq-ovqatga sarflayotgan mablag‘ ilgari e’lon qilingandan ancha ko‘p, lekin bu raqamlar afkor ommaga hamon ma’lum emas. Xomaki hisob-kitobga qaraganda, sarf ajratilganidan ikki barobar ko‘p, taxminan 850 yevro bo‘lishi mumkin. Gebxard oziq-ovqat xaridi bilan Bosh vazir shaxsan shug‘ullanmasligini ta’kidlagan. Bu vazifa Devonxona ixtiyorida.

Xullas, Vazirlar Mahkamasi rahbarining yordamchisi “Sanna Marin 2020 va 2021-yillarda ovqatlanishi uchun sarf qilingan barcha xarajatni o‘zi qoplashga tayyor” dedi. Shu tariqa Finlyandiyada saylov arafasida korrupsiyaga doir shov-shuv, gap-so‘z, janjal boshlanib ketdi. Bahonada jurnalistlar Bosh vazir oilasi nonushta uchun oyiga falon so‘m (300 yevro) sarflashini bilib olishdi.

Yana bir sir oshkor bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, rasmiy hujjatlarda hukumat boshlig‘i uchun oziq-ovqat sotib olish to‘g‘risidagi band umuman ko‘zda tutilmagan ekan. Sotsial-demokratik partiya a’zosi bo‘lgan Marin bundan mutlaqo xabarim yo‘q, deb qat’iy turib oldi. Ko‘tarilgan shovqin natijasida undan oldin shu lavozimda ishlaganlar ham oziq-ovqat uchun yonidan pul to‘lamaganliklari ayonlashib qoldi. Bu janjal, muhokama, munozaralardan keyin mamlakatda poraga qarshi kurash avj olib, turli tuhfa, sovg‘a, unvon berish, orden va medalga tavsiya qilish, mukofot pulini taqsimlashning yangi tartibi, qonun-qoidasi ishlab chiqildi. Mulozimlar shunday holatlar bo‘yicha doimiy va aniq axborot, ma’lumotga ega bo‘lishi va zarur choralar ko‘rishi shart qilib qo‘yildi. Mabodo politsiya biror nojo‘ya hatti-harakatni sezib qolsa, hodisani zudlik bilan rasmiylashtirib, sudga oshirishi lozim. Sud esa jarima yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini qo‘llashi, muayyan hollarda qoidabuzarni ma’lum muddatga jamiyatdan chetlatishi, olisroq hududga surgun qilishi ko‘zda tutildi.

– Korrupsiyaga qarshi kurashning yana bir samarali usuli OAVda davlatga yetkazilayotgan ziyon haqida iloji boricha ko‘proq, batafsilroq axborot, ma’lumot berib borish, – deb yozadi “Transperensi Interneshnl” xalqaro tashkiloti bo‘limi bosh kotibi Lotta Ryudstryom.

Finlyandiyada ham ommaviy axborot vositasining korrupsiya to‘g‘risida muntazam aniq va batafsil axborot olish erkinligi ta’minlana boshlandi. Qoidaga muvofiq, jurnalist kecha-kunduz muntazam ishlab turadigan ma’lumotlar bazasiga qo‘ng‘iroq qilib, muayyan shaxs haqida bir zumda qayerda va kim bo‘lib ishlashi, maoshi, oilaviy ahvoli, farzandlari, oila a’zolarining oylik va yillik daromadi haqida to‘liq ma’lumot olishi imkoni yaratildi.

Bu davlatda korrupsiya, poraxo‘rlik, mansabni suiste’mol qilish, lavozimdan shaxsiy maqsadda foydalanish yoki davlat sirini oshkor qilmaslik kabi holatlar bilan bog‘liq maxsus qonunlar yo‘qligi sababli, bunday vaziyatlarda ham jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlar asosida jazo choralari ko‘riladi.

Bugun Finlyandiya korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini qamrab olgan yagona tizimga ega. Yuqori martabali davlat mulozimining bir lavozimda ishlashi 5 yoki 10-yillik muddat bilan cheklangan.

Пять объяснений того, почему в Финляндии нет и не будет массовой коррупции | Пикабу

“Transparency International” ma’lumotiga ko‘ra, 1995-1997-yillar Finlyandiya eng kam korrupsiyalashgan davlatlar ro‘yxatida 4-o‘rinni egallagan. Shundan keyin uch yilda 2-o‘ringa ko‘tarilgan. Mana, salkam chorak asrdan buyon Finlyandiya xalqaro reytinglarda g‘oliblikni qo‘ldan bermay kelyapti. Bu natija “Global Corruption Barometer” – Jahon korrupsiyasi barometri va “Global Briber Index” – Poraxo‘rlikka qarshi kurash xalqaro indeksi tomonidan ham tan olinmoqda.

Umuman, bugungi kunda dunyo bo‘ylab korrupsiyaga qarshi bo‘yicha yangi-yangi dasturlar yaratilmoqda, institutlar ochilmoqda, ixtisoslashgan tarmoqlar kengayib, muayyan shakllar hayot talabi darajasida o‘zgaryapti. Tan olish kerak, mazkur illat yer yuzining umumiy muammosiga aylangan. Avvaliga har bir davlat milliy an’analari, odob-axloq me’yorlaridan kelib chiqib, bu balo bilan kurash qonun-qoidasi, qo‘llanadigan jazo chorasini ishlab chiqa boshlagan. Endilikda mazkur illatga qarshi yagona talab-standart yaratilishi va milliy qonunchilik amaliyotiga tadbiq etilishi choralari ko‘rilmoqda.

Irismat Abduxoliqov, O‘zA sharhlovchisi