So‘nggi geosiyosiy voqealar dunyoda yana qutblanish jarayonini boshlab berayotganday. Ayniqsa, Ukraina bilan ziddiyati asnosida Rossiyaga nisbatan qo‘llanayotgan sanksiya jahon iqtisodiyotiga ham ta’sir o‘tkazmoqda.

Qolaversa, bunday qarshi choralar Shimoliy Koreya, Eron kabi mamlakatlarga nisbatan ham joriy qilingan. Bunday sharoitda aksar qudratli davlatlar AQSH dollariga qaramlikdan xalos bo‘lish maqsadida, jumladan, milliy valyutada tovar ayirboshlash yoki barter usulida savdo qilish amaliyotidan foydalanmoqda. Xo‘sh, ayni harakatlar dollar qiymatiga ta’sir qilyaptimi, xalqaro hisob-kitobda Amerika valyutasining ahamiyatini pasaytirishga urinish natija beryaptimi?

Yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) geosiyosatning jahon savdosiga ta’siriga bag‘ishlab, ma’ruza e’lon qildi. Hujjatda qator davlatlarning Qo‘shma Shtatlar valyutasiga qaramlikni kamaytirish istagiga qaramay, dollar jahon savdosida ustunlikni saqlab qolmoqda, deyilgan.

XVJ hisobotida keltirilishicha, Geosiyosiy tahdid ortishiga qaramay, so‘nggi ma’lumotlar ko‘rsatmoqdaki, yer yuzidagi savdo va moliyalashtirishning 80 foizdan ko‘pi to‘g‘ri kelayotgan AQSH dollari jahon savdosida hamon yetakchi valyuta bo‘lib qolmoqda.

Xom-ashyo tovarlari savdosining salmoqli qismi hamon dollarda hisob-kitob qilinmoqda. Bu holat, garchi ayrim mamlakatlar o‘z xalqaro moliya amaliyoti hamda zaxirasi nuqtayi nazaridan kuchli qaramlikni qayta ko‘rib chiqayotganiga qaramay, dollarning yetakchiligini himoya qiladi.

XVJ ekespertlari jahon iqtisodiyoti geosiyosiy qarama-qarshilik ta’sirida uch guruhga – AQSHga va Xitoyga bog‘langan yoki bu davlatlarga bog‘liq bo‘lmagan mamlakatlarga bo‘linganini ta’kidlamoqda.

XVJ hisob-kitobiga qaraganda, jahon iqtisodiyoti uch alohida guruhga bo‘linishi mavjud tovar, xizmat va investitsiya cheklovi soni ortishiga olib keldi. 2023-yil jami cheklov miqdori 3 mingdan oshdi.

Bundan tashqari XVJ mutaxassislari ta’kidlashicha, 2017-2023-yillarda AQSH importida Xitoy ulushi 8 foiz qisqargan. Bunga Pekin bilan Vashington o‘rtasidagi kelishmovchilik kuchaygani sabab bo‘lyapti. Rossiya bilan G‘arb o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo miqdori esa Ukraina mojarosi sharoitida butunlay “cho‘kkan”.

Ma’lumki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi AQSHda joylashgani bilan tuzilmaning aksiyadorlari barcha a’zo davlatlar hisoblanadi.

1945-yil tashkil etilgan XVJga qo‘shilish Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lish shartidir. Hozir jamg‘arma tarkibiga 182 davlat kirgan. Tuzilma tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad tashqi savdo o‘sishini rag‘batlantirish, valyuta kursi barqarorligini ta’minlash, a’zo davlatlar o‘rtasidagi joriy operatsiyalar bo‘yicha ko‘p tomonlama hisob-kitob tizimini yaratishga yordam ko‘rsatish, jahon savdosi o‘sishiga to‘sqinlik qiluvchi valyuta cheklovini bartaraf etish, to‘lov muvozanatini saqlashga yordam ko‘rsatish va hokazo. Ustav kapitali 199 milliard dollar bo‘lib, a’zo davlatlar badali hisobiga shakllantiriladi. Eng ko‘p kvota AQSH (taxminan 20 foiz), Buyuk Britaniya (6,5 foiz), Germaniya (5,7 foiz), Fransiya (4,7 foiz), Yaponiya (4,2 foiz) va Rossiya (3 foiz)ga tegishli.

Kredit berish shartlaridan biri shunday: qarz oluvchi davlat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturini taqdim etadi va jamg‘arma tavsiyasiga amal qiladi. Jamg‘arma Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Parij va London klublari bilan doimiy hamkorlik qilib keladi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon bankining vazifasi turlicha. Ya’ni, JB uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni qisqartirish, XVJ esa mamlakatlarda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlik masalalariga e’tibor qaratadi.

So‘nggi payt G‘arb davlatlari bilan munosabatda kuzatilayotgan sovuqchilik sabab Rossiyaning tashkilotni tark etishi haqida gap-so‘z urchidi.

Yaqinda XVJ bosh aksiyadorlari Rossiya tashkilotdan ketsa, boshqa mamlakatlar ham shunday yo‘l tutishi ehtimolidan xavotir bildirishdi. Ekspertlar fikricha, bu tuzilmani global maqomidan mahrum qilishi mumkin. XVJning RFdan tayinlangan ijrochi direktori Aleksey Mojin “RIA Novosti”ga ma’lum qilishicha, bosh aksiyadorlar hozir Rossiyaning ashaddiy dushmaniga aylangan.

– Agar biz ketsak, jamg‘arma global institut maqomini yo‘qotishini ularning o‘zlari ham yaxshi bilishadi, – deydi u. – Qolaversa, Rossiya ortidan boshqa mamlakatlar ham tuzilmani tark etishi mumkin.

Mojin ta’kidlashicha, hozir Moskvaga jamg‘armadan hech nima kerak emas, biroq hujjatlar va ma’lumotlarga ega bo‘lishdan foyda bor.

S.Rahimov, O‘zA