Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasining yarim finalidan o‘rin olgan so‘nggi uchrashuv «Real» — «Bavariya» klublari o‘rtasida o‘tkazildi.
Mazkur o‘yinda madridliklar 2:1 hisobida zafar quchdi. Bahsda dastlab, Devis hisobni ochgan bo‘lsa, Xoselu so‘nggi daqiqalarda dubl qayd etib, jamoasiga g‘alaba taqdim etdi.
Uchrashuv davomida madridliklar deyarli 3 ta golli vaziyat yaratdi.
Shu tariqa, «Real Madrid» umumiy hisobda 4:3 hisobida g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi.
Chempionlar ligasi yarim finalidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar o‘z nihoyasiga yetdi. Endi «Borussiya Dortmund» – «Real» klublari musobaqa finalida to‘qnash keladi. Uchrashuv 1-iyun kuni Londondagi «Uembli» stadionida o‘tkaziladi.
Bu bahsda «Real» Chempionlar ligasining 15-sovriniga ega chiqish uchun o‘ynaydi. «Borussiya» esa mazkur sovrinni ikkinchi bora o‘z uyiga olib ketishga harakat qiladi.
Shu o‘rinda «Real» va «Borussiya» klublarining o‘zaro o‘yinlariga bir nazar tashlasak. Jamoalar o‘zaro 14 marotaba CHL doirasida o‘yin o‘tkazgan va ularda Madrid shahri jamoasi 6 marotaba g‘alaba qozongan va 3 marta mag‘lub bo‘lgan. Qolgan 5 o‘yin durang bilan o‘z yakuniga yetgan.
Ushbu klublar o‘rtasidagi ilk o‘yin 1998-yili Chempionlar ligasining yarim finalida bo‘lib o‘tgan va unda «Real» 2:0 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, so‘nggi o‘yin 2017-yilning dekabr oyida mazkur musobaqaning guruh bosqichi doirasida o‘tkazilgan. Unda Qirollik klubi 3:2 hisobida g‘alabani ilib ketgan.
«Borussiya» bu yilgi finaldagi raqibi bilan 2012/2013 yilgi Chempionlar ligasida bir guruhdan o‘rin olgan va birinchi marta 2012-yili 2:1 hisobida mag‘lub etgan. Javob o‘yini esa 2:2 hisobida yakunlangan. 2013-aprel oyida esa turnirning yarim finalida 4:1 Robert Levandovskining pokeri evaziga Dortmund shahri jamoasi 4:1 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, javob o‘yinida 2:0 hisobida «Real» g‘olib bo‘lgan.
Ayni damda «Real» – «Borussiya» o‘rtasidagi 14 o‘yinda gollar nisbati 24/19 ko‘rinishini olgan.
Darvoqe, joriy yilgi Chempionlar ligasi yarim finalida «Borussiya» «PSJ»ni, «Real» esa «Bavariya»ni musobaqadan chiqarib yubordi. Bu esa to‘purarlar kurashini o‘z-o‘zidan yo‘qqa chiqardi.
Aniqrog‘i, ayni paytda Harri Keyn («Bavariya») va Kilian Mbappe («PSJ») 8 ta goli bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Undan keyingi o‘rinni egallagan Erling Xoland («MS») va Grizmann («Atletiko») hisobida 6 tadan gol mavjud edi.
Afsuski, bu futbolchilar bu yilgi musobaqada boshqa o‘ynay olmaydi. Va o‘z-o‘zidan turnirni davom ettirayotgan Xoselu, Vinisius va Rodrigo to‘purar bo‘lish imkoniga ega. Ushbu o‘yinchilar hisobida bir xil 5 tadan gol bor.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA