Atrofimizga qarasak, hayot to‘liq avtomatlashtirilgandek, har bir qadamimiz elektrlashtirilgan, raqamlashtirilgan qurilmadan iboratdek. Inson uchun dunyoning narigi chekkasi ham bir zum, aloqa bog‘lash soniyalar bilan belgilanadi. Ilm-fan, yuqori texnologiya taraqqiyoti shu darajaga yetdiki, go‘yo, endi yangi kashfiyot, ixtiro qolmagandek.

Aslida bunday emas. Ilm-fan bir joyda to‘xtab, olimlar ishsiz qolgani yo‘q. Har sohada kashfiyot bisyor, ixtirolar peshma-pesh taqdim etilmoqda.

Masalan, yaqinda olimlar tarixdagi eng katta raqamli kamera yaratish bo‘yicha ishni nihoyasiga yetkazdi. Qurilma inson ko‘zidan yuz millionlab marta aniq ko‘ra oladi.

Xullas, hozircha eng katta – 3200 Mp-kamera tayyor bo‘ldi. “Legacy Survey of Space and Time” (LSST) deb nomlangan mazkur qurilma ishlanmasi va yasalishi uchun qariyb yigirma yil talab etildi.

Ulkan apparat Chilida joylashgan Veri Rubin nomli rasadxonaga o‘rnatilib, osmonning har bir qismini kuzatib turadi, koinotni suratga oladi. Tabiiyki, global ilmiy hamjamiyat yangi uskunadan navbatdagi kashfiyotlarni intiqlik bilan kuta boshladi.

“Legacy Survey of Space and Time” har biri 16 megapiksel o‘lchamdagi 189 ta alohida moduldan tashkil topgan. Umumiy o‘lchami 3200 megapiksel. Taqqoslaymiz: inson ko‘zi atigi 120-140 megapiksel. Demak, bu kamera yorug‘likka nisbatan odamdan 100 million marta sezgirroq.

Nima keragi bor?

LSST har kuni tunda yulduzli samoni 20 soniya oralig‘ida suratga olib turadi, bir kechada 15 terabayt ma’lumot to‘playdi. Yakuniy maqsad – tungi osmonning 60 petabaytlik xaritasini yaratish. Kamera cheksiz koinotni yanada yaxshiroq o‘rganish, galaktikamiz atrofi bilan bog‘liq ko‘plab savollarga javob topish, xususan, koinotning kengayib borish tamoyilini tushunish imkonini beradi. Qolaversa, LSST orqali olimlar quyosh tizimi va yulduzimizga qarashli sayyoralar aynan qay yo‘sinda shakllanganiga, qora materiya jumboqlariga oydinlik kiritsa, ajab emas.

Yangi robot chigirtkadek sakraydi va suzadi

Kil universiteti zoologiya instituti mutaxassislari ushbu muhandislik mu’jizasini yaratish uchun Xitoy “Oxya chinensis” chigirtkasining suv yuzasida suzishini o‘rganishdi.

Hashoratning suv yuzasida suzishi va suv ichidan sakray olishidan  ilhomlangan olimlar shunday robot yaratishga qaror qilishdi, deyiladi “TechXplore” xabarida.

“Oxya chinensis” Xitoyning sholi yetishtiriladigan mintaqalarida, ayniqsa Yanszi daryosi bo‘yida keng tarqalgan. Chigirtkaning bu turi quruqlikda yashaydigan jonivorlar orasida suv akrobatikasini o‘zlashtirgani bilan ajralib turadi. Agar suvga qulasa, juda oson chiqadi va havoga yengil ko‘tariladi.

Dastavval olimlar laboratoriyada hashoratning harakatini o‘rganishdi. Tajriba uchun uzunligi 2,2-3,4 santimetr, og‘irligi 0,4 gramm 15  chigirtka tanlab olinib, suv bilan to‘ldirilgan shishali idishga tashlandi. Hashoratlar ba’zan suv yuzasida harakat qilmagan, ba’zan oqim bo‘ylab sust harakat qilgan yoki faol suzgan va qo‘qqis havoga sakragan. Yangi robot ham Xitoy chigirtkasi amalga oshiradigan amallarni uddalay oldi.

Eng kuchli MRT apparati inson miyasini aniq suratga oldi

Fransiyaning muqobil energetika va atom energiyasi bo‘yicha komissiyasi (CEA) olimlari  ilk bor inson miyasini eng kuchli MRT apparati yordamida suratga oldi.

“Iseult MRI”, deb atalgan, og‘irligi 123 tonna keladigan mazkur qurilmaning magnit maydoni kuchi 11,7 Tesla. Bu odatdagidan sezilarli ravishda kuchli. Oddiy shifoxonadagi MRT kuchi 1,5-3 Tesla.

“Iseult MRI” tasvirni o‘ta yirik, ya’ni bir necha minglab neyronga teng   o‘lchamda oladi.

Kuchli magnit maydoni miyaning aniq tasvirini olish imkonini beradi. Qolaversa, yangi apparat tezlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, tadqiqot ishtirokchilari miyasini o‘rganish uchun to‘rt daqiqa kifoya qildi. Oddiy apparat esa shu amalga bir necha soat sarflaydi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Iseilt MRI” miya faoliyatini batafsil o‘rganishga yordam beradi. Endi olimlar idrok etish holatiga qaysi neyronlar aloqadorligini ham bilib oladilar. Bundan tashqari, apparat Alsgeymer va Parkinson xastaligi tashhisini ham osonlashtiradi.

Tovushdan tez uchadigan dron ilk parvozini amalga oshirdi

Inqilobiy, deya ta’rif berilayotgan, soatiga 1 100 kilometr tezlikda ucha oladigan yangi dronga kelajakda giper tovushli samolyotga o‘rnatish rejalashtirilgan “Venus Aerospace” dvigateli o‘rnatildi, deb yozdi “New Atlas” nashri.

Tovushdan tez parvoz qiladigan dron yaratish g‘oyasi yangilik emas. O‘tgan asr 50-yillari boshida AQSH Harbiy havo kuchlari havo mudofaasi, razvedka tizimida foydalaniladigan qurol sifatida shunday samolyotlarni sinovdan o‘tkazgan. Bunday qurilma so‘nggi 75-yilda tezlikni 1 Max darajasiga yetkazish uchun reaktiv dvigatel sifatida ishlatildi. So‘nggi payt avionika, aerodinamika va avtonom tizimda erishilgan yutuqlar tufayli vazifa doirasi kengaysa-da, baribir, dronlar asosini hamon reaktiv dvigatel tashkil etadi.

“Venus” ko‘p marta foydalaniladigan, yo‘lovchilarni soatiga 11 000 kilometr tezlik bilan manziliga eltadigan giper tovushli koinot samolyoti yaratishni rejalashtirmoqda. Uchoq 51 kilometr balandlikka oson va muloyim ko‘tarilishi, so‘ngra giper tovush tezligiga o‘tishi lozim. Shunda San-Fransiskodan Tokioga borish uchun bir soat kifoya.

Tabiiyki, bu uzoq istiqbol. Hozircha kompaniya mudofaa sohasi bilan bog‘liq turli maqsadlarda “RDRE” dvigatelini yaratish bilan shug‘ullanmoqda.

Internet materiallari asosida

Saidmurod Rahimov tayyorladi.

O‘zA