O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) ijrochi direktori Adam Boler bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish orqali erishilgan O‘zbekiston – Amerika munosabatlari rivojlanishining yuqori o‘sish sur’ati qayd etildi.

Janob Boler 2020 yil iyulida Toshkent shahriga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” tashabbusi yo‘lga qo‘yilishini olqishladi.

1 milliard dollardan kam bo‘lmagan hajmda mablag‘ jalb etilishini ko‘zda tutuvchi ushbu tashabbus O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida yangi loyihalar amalga oshirilishi orqali inklyuziv, oshkora va barqaror investitsiya ko‘lami kengayishini rag‘batlantirish uchun vosita bo‘ladi.

Muzokara davomida energetika, infratuzilma ob’ektlari, farmatsevtika va kimyo sanoati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi aniq loyihalarni moliyalashtirish masalalari kelishildi.

Shuningdek, «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘li qurilishi bo‘yicha mintaqaviy loyihani birgalikda amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Xorijiy tomon loyihaning Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlash va mintaqa davlatlarining barqaror rivojlanishidagi ahamiyatiga yuqori baho berdi.

Suhbat davomida qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish, shuningdek, mazkur xalqaro moliyaviy tuzilmaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligini muvofiqlashtirish uchun DFCning doimiy vakilini Toshkent shahriga yuborish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash borasida tizimli hamkorlikni tashkil etish maqsadida tomonlar kelishuv va tasdiqlangan loyihalarni tezkor ravishda amalga oshirish uchun qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish qarorini ma’qulladilar.

G‘ayrat XONNAZAROV,O‘zA