Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida Turkiyaning “Manas Savunma A.Ş” kompaniyasi tomonidan kiritiladigan xorijiy investitsiya bilan Xitoyning “Foton” markali avtomobillar ishlab chiqaradigan avtozavodi quriladi.

Ushbu samarador loyiha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “2021 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan loyihalar manzilli dasturi”ga kiritilgan.

Loyiha ishlari yakunlangan va yaqin kunlarda tamal toshi qo‘yiladigan bu korxona, “Manas avto-sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasi tomonidan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida 7 gektar maydonda barpo etiladi.

Umumiy qiymati 10 million AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur loyiha, namanganlik tadbirkor Vohid Hamidovning 2 million AQSH dollari qiymatidagi sarmoyasi hamda “Manas Savunma A.Ş” kompaniyasining (rahbari Koray Altinel) 8 million dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyasi bilan amalga oshiriladi.

Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami arafasida ishga tushishi rejalashtirilgan zavodda 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Rejaga asosan, zavodda yillik 3 ming dona 1 tonnadan 2,5 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan kichik yuk avtomobillari va 14-21 o‘rinli mikroavtobuslar ishlab chiqariladi.

Ishlab chiqarilgan transport vositalari ichki bozor bilan birga MDH davlatlari hamda Afg‘onistonga ham esksportga yo‘naltiriladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA