Ma’lumotlarga qaraganda, AQSH shaharlaridagi daraxtlar qoplamasi borgan sari toraymoqda. Boshqacha aytganda, mamlakatda yiliga 36 million daraxt quriyapti.

O‘tgan yili AQSH o‘rmon xizmati tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, besh yil davomida shahar va qishloqlardagi daraxtlar kamayishi hisobiga 2009-2014 yillar oralig‘ida bu boradagi statistik ko‘rsatkich 1 foizga pasaygan.

Mutaxassislar e’tiroficha, daraxtlar kunduzgi haroratni 10 darajagacha tushirishi mumkin.

Agar ahvol shu tarzda davom etsa, “shaharlar iqlimi iliqlashadi, havo ifloslanadi va bu aholiga, odamlarga jiddiy zarar yetkazadi”, – deydi AQSH o‘rmon xizmati olimi, tadqiqot mualliflaridan biri Devid Novak.

AQSH aholisining 80 foiz dan ortig‘i shaharlarda yashaydi, aksariyat amerikaliklar Sharqiy va G‘arbiy qirg‘oqlarning o‘rmonzor mintaqalarida istiqomat qiladi, deydi Novak.

Uning ta’kidlashicha, daraxt kamayishiga sabab ko‘p: masalan, bo‘ron, yong‘in, hasharotlar, kasalliklar va hokazo. Ushbu salbiy holatning oldini olish uchun oqilona rivojlanish yo‘lini tanlash zarur.

Tadqiqot natijasida daraxtlar havoni ifloslanishdan saqlashi, energiyani tejashga hissa qo‘shishi alohida ta’kidlangan.