Kuni kecha Fors kurfazi mamlakatlari Qatar bilan yarashganini ma’lum qildi.
O‘tgan seshanba kuni Saudiya Arabistonining shimoli-g‘arbida El-Ulaa viloyatida Fors kurfazi arab davlatlari rahbarlarining 41 sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchi mamlakatlar rahbarlari uchrashuv yakunida Qatar atrofidagi mojaroga yakun yasash bo‘yicha yakdil fikrga kelgani haqda kommyunikeni imzoladilar. Hujjatni imzolash marosimi Saudiya Arabistonining “Al-Ixbariya” telekanali nomoyish qilib bordi.
Uchrashuvda Qatar, Quvayt, Saudiya Arabistoni podshohligi, Baxray, Birlashgan Arab amirliklari hamda Umon davlati ishtirok etgan.
Shunga qaramay, yakuniy bayonotning aniq mazmuni hali oshkor etilmadi.
Koronavirus pandemiyasiga qaramay Arab manarxlari onlayn formatda emas, balki yuzma-yuz uchrashishga qaror qilishdi. Aslida uchrashuv 2020 yilning oxirida bo‘lishi lozim edi, biroq ushbu muddat Qatar va uning qo‘shnilari o‘rtasida uzoq kutilgan yarashuv rejalashtirilgani uchun biroz keyinga surildi.
Sammitda AQSH prezidenti Donald Trampning katta maslahatchisi Jared Kushner ham hozir bo‘lgan. Uning sa’y-harakatlari Qatar bilan mintaqaning boshqa davlatlari o‘rtasidagi yarashuv jarayonini tezlatgani aytilmoqda. Shuningdek, sammitda bundan uch yarim yil avval Doxa bilan munosabatlarni uzgan arab davlatlaridan birining vakili sifatida Misr tashqi ishlari vaziri Samex ash-Shukri ham ishtirok etdi.
Qatar amiri Tamim bin Xamad Al Toni 2017 yildan buyon mintaqa uchrashuvlarida ishtirok etmay keladi. Chunki 2017 yil yozda Saudiya Arabistoni, BAA, Baxrayn va Misr Doxani terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda hamda mazkur davlatlarning ichki ishlariga aralashishda ayblab, Qatar bilan diplomatiya munosabatlarini uzgan edi. Ushbu davlatlar Qatar bilan iqtisodiy hamkorlikni to‘xtatib mamlakatga transport qamalini joriy qilgan edi.
Yarashuv sharafiga Saudiya Arabistoni Qatar qamali bekor qilingani haqda e’lon qildi. Endi ikki mamlakat o‘rtasidagi quriqlikdagi chegaralar ochiladi, havo kengliklari va dengiz yo‘llarida ham cheklovlar olib tashlanadi.
O‘zA