Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, shu jumladan ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’lim sifatini tubdan yaxshilash maqsadida, o‘quv dasturlari, o‘qituvchi va domlalar uchun metodik qo‘llanmalar ilg‘or xalqaro mezonlarga moslashtirilib, boshlang‘ich sinflarda davlat ta’lim standarti o‘rniga, ilg‘or xorijiy tajriba asosida, bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan “Milliy o‘quv dasturi” joriy etiladi.

Kelgusi yili 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion so‘m mablag‘  ajratilishi sohaga bo‘lgan e’tiborning haqiqiy namunasi bo‘ldi. bugungi kunda ta’lim sohasidagi  asosiy muammolarning biri olis hududlarda  mutaxassislarning yetishmasligi  ham Murojaatnomada  o‘z aksini  topdi. Bunda bir  tumandan   ikkinchi  tumanga  borib  ishlagan  o‘qituvchilarga  50 foiz,   bir viloyatdan   ikkinchi  viloyatga  borib  ishlaganlarga  100 foiz  ustama  haqi to‘lanishi ushbu muammoning yechimiga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari  «Jamiyatda o‘qituvchi kasbi  eng nufuzli  va  obro‘li  kasb  bo‘lishi  lozim»- deb soha fidoyilarining mehnatiga yuksak baho berdi. Yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularga zamonaviy kasb-hunar o‘rgatishda  o‘qituvchilarning  malakasini oshirish yo‘lga  quyiladi, toifa  berish  mezonlari ham qayta ko‘rib  chiqiladi. O‘qituvchilarning o‘z ustida  ishlashi  uchun davlat  tomonidan barcha  sharoitlarning  yaratib  berilishi,   ustozlarda yanada  kuch-g‘ayrat bilan ishlash hissini kuchaytirdi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”. Shuning uchun, yosh avlodga  zamonaviy sifatli ta’lim-tarbiya berish, ularni Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissasini ko‘shadigan,  milliy kadriyatlarimizni  ko‘z qorachig‘idek  asraydigan  yoshlarni kamolga  keltirish bizning asosiy vazifamiz  hisoblanadi.

2021 yil «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash  va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb nomlanishi, yoshlar hamda aholi salomatligi hamisha davlatimiz e’tiborida ekanligidan  darak beradi. Chunki mamlakatimizning dunyoda rivojlangan davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin egallashida bugungi yoshlarimizdan umidimiz katta.

 

Zamira   ALLANIYAZOVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani 1-umumta’lim  

maktabi direktori, O‘zbekiston Xalk ta’limi a’lochisi