Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Farg‘ona viloyati yoshlari o‘rtasida “Viloyatdagi tengdoshim” nomli uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa tizimi orqali o‘tkazilgan uchrashuvda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov hamda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari ishtirok etdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.

Ta’kidlash joizki, yurtimizdagi har bir oila, har bir ota-ona o‘z farzandlari qiyofasida, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod timsolida bilimli, iymon-irodali, mardlik va fidoyilik fazilatlarini namoyon etishga qodir bo‘lgan barkamol insonlarni ko‘radi, ularning baxtli-saodatli bo‘lishini orzu qiladi. Shu bois oxirgi yillari yurtimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama barkamol, ma’naviyatli, ma’rifatli bo‘lib voyaga yetishi uchun katta e’tibor berilmoqda.

Harbiy okruglar qo‘shinlari qo‘mondonlari tadbirda ishtirok etgan yoshlarni qutlashdi.

Xususan, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni yoshlar bilan suhbati davomida o‘sib kelayotgan yosh avlod egalariga milliy armiyamiz yaratilish tarixi va istiqbollari, yurtimiz himoyachilari tomonidan qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuq va marralar, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolariga belgilangan imtiyozlar haqida so‘zlab berdi.

–Aziz yoshlar, bugungi tinchlik zamonida sizlarga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlardan foydalanib, o‘z bilimingizni mustahkamlab borsangiz, qaysi soha egasi bo‘lishingizdan qat’i nazar, jonajon yurtimizning kelajagiga munosib hissa qo‘shadigan shaxs bo‘lsangiz, biz harbiylar asosiy maqsadimizga erishgan bo‘lamiz, – dedi polkovnik Farhodjon Shermatov.

Yurtimizning ertangi kuni, tinchligi yoshlarning qanday inson bo‘lib kamol topishiga bog‘liq. Demakki, har birimizning vazifamiz – yoshlar o‘z salohiyatini va vatanparvarligini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat deya ta’kidlab o‘tdi qo‘mondon o‘z nutqida.

Tadbir davomida qoraqalpog‘istonlik yoshlar farg‘onalik tengdoshlari bilan onlayn muloqot qilib, bir-birlarini mehmonga chorlashdi.

Badiiy kechaga ulangan uchrashuvda kuy va navolar yangrab, she’ru ruboiylar tinglandi. Faol yoshlar qo‘mondonlar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Tadbirdan so‘ng yoshlar uchun Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan biriga ekskursiya tashkil etildi. Qudratli harbiy texnika va qurol-aslahalar, harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi.