Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi davom etmoqda.

Majlisda senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.

Sud-huquq sohasida yillar davomida yechim topmagan muammoli masalalarni hal qilish borasida o‘ndan ortiq Prezident farmon va qarorlari hamda parlament tomonidan odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta kodeks yangidan qabul qilinib, qator qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur Qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mantiqiy davomidir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.

Ushbu farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan Qonunga asosan sud tizimida viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish belgilanmoqda.

Ma’muriy tartib-tamoyillar va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish, bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.

Shularga asosan, sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi sud tizimini boshqarish masalalarining takomillashtirilishi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan ta’minlashga erishish bilan bir qatorda, eng avvalo, fuqarolarning sudma-sud sarson bo‘lib yurishiga barham berib, ularning muammosini bir joyda hal qilinishi imkonini beradi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA