Mamlakatimizga Afg‘oniston Sog‘liqni saqlash vazirligining 20 nafar mas’ul xodim va shifokoridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrifdan maqsad — afg‘onistonlik tibbiyot mutaxassislariga koronavirus infeksiyasi profilaktikasi, tarqalishining oldini olish, uning diagnostikasi va davolash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rgatish, “COVID-19″ni davolashda zamonaviy va samarali usullarni qo‘llash bo‘yicha ularning amaliy ko‘nikma va malakasini oshirishdan iborat.

Afg‘onistonlik mutaxassislar mamlakatimizda o‘n kun bo‘lib, maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etadi. Ushbu mashg‘ulotlar koronavirus infeksiyasini davolash jarayonida bevosita qatnashgan professional mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan.

O‘quv dasturini tayyorlashda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari yetakchi xodimlarining o‘rni katta bo‘ldi.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida Zangiota tumanidagi 1- va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarida mahorat darslari tashkil qilinadi. Bundan tashqari, mehmonlar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinikalardagi hamkasblarining faoliyati bilan ham tanishadi. Shuningdek, delegatsiya azolari Samarqand viloyatiga borishi ham ko‘zda tutilgan.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘onistonda 52 ming 909 holatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish qayd etilgan bo‘lib, shundan o‘lim ko‘rsatkichi 2 ming 230 nafarni tashkil qilmoqda.

 

O‘zA