Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar, shu jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Shu bilan birga davlatimiz rahbarining Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish belgilandi.

Cud-huquq sohasida yillar davomida yechim topmagan muammoli masalalarni hal qilish borasida o‘ndan ortiq Prezident farmonlari va qarorlari hamda Parlament tomonidan odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta kodeks yangidan qabul qilinib, qator qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.

Ushbu farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan qonunga asosan sud tizimida viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi.

Ma’muriy tartib-tamoyillar va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etish belgilangan. Shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatiladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.

Shularga asosan, sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganligini inobatga olib O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi sud tizimini boshqarish masalalari takomillashtirilishi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan ta’minlashga erishish bilan bir qatorda, eng avvalo, fuqarolarning sudma-sud sarson bo‘lib yurishiga barham berib, ularning muammosini bir joyda hal qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari, majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ham dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Kodeksda normativ-texnik hujjatlarni joriy etish va ularning hisobini yuritish bo‘yicha yangi normalar mustahkamlanmoqda. Ya’ni shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarning muhokamasida jamoatchilik nazoratining ishtirokini ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan yangi norma kiritilmoqda. Pudrat uchun davlat shartnomasini ishlab chiqish va tuzish tartibi va pudrat ishlari qat’iy shartnoma asosida amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda ekspertlarning huquqlari va javobgarligi ko‘rsatilgan.

O‘z o‘rnida, mazkur Kodeksda qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalariga qo‘yiladigan talablar aks ettirilib, ularga asosan shaharsozlik faoliyatining moliyaviy ta’minoti, sug‘urtalash va shaffoflikni ta’minlash, jumladan, qurilishda sug‘urtalash, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Mazkur normalarning belgilanishi sohada byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda shahar chegaralari aniqlashning yangi qonuniy asoslarini yaratadi.

Xususan, shaharsozlik normalari va qoidalari ishlab chiqilishining tartibi, muddatlari va ularning yo‘nalishlari belgilanishi, raqobat muhitini rivojlantirish orqali investitsiya muhiti yaxshilanishi, shaharsozlik sohasida jamoatchilikning keng ishtiroki, atrof-muhit muhofazasi va aholining sog‘lig‘ini asrash, yashash va faoliyat muhitini shakllantirishning kompleks sharoitlarini belgilashga imkon yaratishi ta’minlanadi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA