Prezident archasi

To‘g‘risi, ko‘plar kabi men ham bu yil bolajonlarning eng sevimli bayramlaridan biri – “Prezident archasi” tantanalari qay yo‘sinda o‘tarkin, deb oxirgi daqiqalargacha juda xavotirlangandim. Sababi, dunyoni sarosimaga solgan pandemiya barcha rejalarni mutlaqo boshqa o‘zanga burib yubormoqda.

Biroq bu yilgi “Prezident archasi” tantanalari barcha xavotiru hadiklarni chippakka chiqardi. Karantin qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkazilgan tadbir kutilgandan ham a’lo darajada tashkil etildi.

Garchi bayramga Mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilari taklif etilgan bo‘lsa-da, bu quvnoq va zavqli bayramni masofaviy tarzda mamlakatimizning barcha bolajonlari oynaijahon orqali tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

…Shinam zalda sehrgar Munajjim bobo paydo bo‘lib, ertak boshlaydi.”Bir yulduz uchmoqda, boshqasi qochmoqda…”

Turfa ramzlar, ishoralar, timsollarga boy bo‘lgan “Ertaklar karnavali” tomoshasi boshlanadi. Hiylagar Sichqoncha nima qilib bo‘lsa-da, yilning ko‘ngildagidek o‘tishiga halaqit qiladi. Mana quloqlari ko‘rshapalakka o‘xshovchi Tojdor virus, uning makri, surbetligi chegara bilmaydi. Shumbola, tantiq Qimmat, mehnatsevar Zumrad, Shokoladu Konfetvoylar virus balosini daf etishda qo‘lni qo‘lga berib kurashadilar. Ozodalik, sport, chiniqish, kun tartibiga rioya etish, sog‘lom ovqatlanish salomatlik garovi ekani quvnoq qo‘shiqlar,jo‘shqin raqslar vositasida ochib berildi. Jahon mumtoz va milliy musiqa namunalari, qo‘shiqchilik san’atining barcha janrlari bilan boyitilgan musiqiy dastur bolalarga g‘oyat manzur bo‘ldi.

Teatrlashtirilgan spektakl “Tomosha” bolalar musiqiy teatr studiyasi tomonidan taqdim etildi. Mazkur ijodiy jamoa uchun barpo etilgan yangi bino bolalar musiqa san’atiga bo‘lgan e’tiborning yorqin dalilidir. Zero, “Tomosha” ijodiy jamoasi nainki yurtimizda, balki xalqaro miqyosda o‘tkazilgan bir qator tanlovlar, konsert dasturlari, festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan.

Mazkur ijodiy jamoa rahbari Nodira Qurbonovaning aytishicha, Yangi yil bayramiga bag‘ishlangan ushbu spektaklni Kavsar Turdiyeva hamda Madina Mo‘minova ssenariysi asosida rejissyor Farrux Niyozaliyev sahnalashtirgan.

Shuni aytish kerakki, har yili mamlakatimizda “Prezident archasi” tadbirlarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun 11 ming dona “Prezident sovg‘asi” tayyorlandi.

“Prezident sovg‘asi” tarkibiga 20 turdagi shirinlik, 3 turdagi o‘quv qurollari va 2 turdagi jihozlar kiritilgan.

Bolajonlarga atalgan bu sovg‘alar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, viloyatiga “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati samolyotlari orqali va qolgan viloyatlarga avtotransportlar orqali yetkazilmoqda.

“COVID-19” virusi bilan bog‘liq pandemiya sharoitida bolalar sog‘ligini asrash maqsadida “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi tomonidan tayyorlangan “Ertaklar karnavali” bayram dasturi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi binosida tasvirga olindi.

Teatrlashtirilgan musiqiy dastur O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Bolajon”, “Yoshlar” telekanallari tomonidan tashkil etiladigan Yangi yil telemarafoni doirasida namoyish etiladi.

…Spektakl yakunlanib qolgan bo‘lsa-da, bolalar zalni tark etishga oshiqmaydilar. Ular Qorboboyu Qorqiz bilan birgalikda “Prezident archasi” qo‘shig‘ini ijro etadilar. Bayram bolajonlarga g‘oyat manzur bo‘ldi.

N.Usmonova, O‘zA