Maktabgacha ta’lim vazirligi va Rossiya Federatsiyasi maorif vazirligi O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim sifatini oshirish dasturlarini amalga oshirish uchun “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi.

Shuningdek, “Yo‘l xaritasi” asosida Maktabgacha ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Rossiya Federatsiyasi maorif vazirligi A. I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti Toshkentdagi filialini rivojlantirish va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

“Yo‘l xaritasi” O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishda rossiyalik hamkasblarimiz bilan hamkorlikning qo‘shma ustuvor yo‘nalishlari amalga oshirilishini monitoring qilishning samarali vositasi hisoblanadi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri A. Shin, maktabgacha ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari K. Olimov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari U. Begimqulov, Maktabgacha ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim sohasida siyosatni shakllantirish va rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Sh.Mirziyoyeva, Rossiya delegatsiyasi tomonidan Rossiya Federatsiyasi ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari D. Ye. Glushko, I.A.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti rektori S. I Bogdanov, A. I. Gersen nomidagi RDPUning Toshkentdagi filiali direktori V. A. Popovlar ishtirok etdi.

“bugungi kunda biz Rossiya Federatsiyasi maorif vazirligidagi hamkasblarimiz bilan birgalikda tadqiqotlar olib borish va maktabgacha ta’lim sohasida ilmiy asoslangan qo‘shma dasturlar va uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish bo‘yicha yangi aloqa nuqtalarini topishga tayyormiz. Shu bilan birga, hamkorlarimiz e’tiborini Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan mustahkam me’yoriy-huquqiy baza yaratilgani, maktabgacha ta’lim sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi yangi hujjatlar mavjudligi va ular, albatta, birgalikdagi ishimizga asos bo‘lib xizmat qilishi kerakligiga qaratmoqchiman” deydi vazir A.Shin.

O‘zA