Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalar kabi tibbiyotda ham xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

 Bu borada shifokorlarning o‘zaro tajriba almashishi, ilg‘or xorijiy an’analar asosida malaka oshirishi muhim o‘rin tutadi. Ayni jarayon doirasida yaqinda o‘zbekistonlik bir guruh mutaxassislar Janubiy Koreyada bo‘lib qaytishdi. Guruh a’zolaridan biri, Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahri filiali onkourologiya bo‘limi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Ra’no Tillashayxova mazkur safar taassurotlari haqida O‘zA muxbiriga so‘zlab berdi.

– 2018 yil davlat granti asosida Koreya Respublikasiga malaka oshirish uchun yuborilgan o‘zbekistonlik 20 nafar shifokor orasida men ham o‘z tajribamni oshirib keldim.

O‘qish davomida  ko‘plab malakali shifokorlar bilan tanishdik. Sohamiz bo‘yicha tashkil etilgan, yetuk professorlar ishtirok etgan bir necha yirik konferensiyada qatnashdik. Koreyada onkologik kasalliklar tarqalishi va bunday xastaliklarni davolash bilan bog‘liq hozirgi holatdan birmuncha xabardor bo‘ldik. Qolaversa, mahalliy shifokorlar bilan fikr almashish, O‘zbekistonda onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish uchun kerakli bo‘lgan zamonaviy texnologiya vositalari imkoniyatlarini o‘rganishga muvaffaq bo‘ldik.

Taassurotlarim haqida gapiradigan bo‘lsam, meni yaxshi ma’noda hayratga solgan asosiy jihat, bu shifokor va bemor o‘rtasidagi munosabat bo‘ldi, desam adashmayman. Koreyada shifokor mijozini o‘z yaqin insoniga qaraganday davolashga harakat qilarkan. Menga yana bir ma’qul kelgan tomoni – shifokor mavqei, martabasidan qat’i nazar, atrofdagi insonlarga samimiy munosabatda bo‘larkan.  Umuman, koreyaliklar o‘z sogligiga juda e’tiborli xalq. Har bir fuqaro sug‘urta asosida yilda bir yoki ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiy va menimcha, aynan shu sababli saraton kasalligi bilan bog‘liq holat erta davrda aniqlanadi. Eng muhimi, ularning taomlanishi tartibli: ko‘proq oqsilga boy maxsulotlar tanovul qilinadi. Badan tarbiyasiga qaratilgan mashqlar kundalik odatga aylantirilgan.

Safarimizdan so‘ng xorijlik hamkasblar bilan onkologiya va o‘zimning yo‘nalishim bo‘lgan onkourologiya bo‘yicha hamkorligimiz ko‘lami yanada kengaydi. Kasallikni davollash jarayonida duch kelinadigan favqulodda vaziyatlarda bemalol Koreya mutaxassislari – professorlardan maslahat olib ish yuritaman.

So‘nggi ikki-uch yilda fuqarolarimizda uchrayotgan saraton kasalligi boshlang‘ich davrda aniqlanyapti, bu jiddiy yutug‘imiz. Qolaversa, yurtimiz shifokorlarini har yili malaka oshirish, tajriba almashish maqsadida tibbiyoti rivojlangan mamlakatlarga grant asosida yuborish an’anaga aylandi. Ular olayotgan bilim, ko‘nikma kelgusida, albatta, yurtimizda onkologik kasalliklar oldini olish va ushbu og‘ir xastalikni samarali davolashda muhim rol o‘ynaydi.

Aytish joiz, 2019-2020 yillarda nur terapiyasi sohasida ham sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Bosh miya saratonini davolashda zarur bo‘ladigan noyob zamonaviy uskuna sotib olindi. Endilikda ko‘plab vatandoshlarimizning kasallikka davo topish maqsadida xorij mamlakatlarida ovora bo‘lib yurmasdan, o‘zimizda sog‘ayishlari uchun imkon yaratildn. Bundan tashqari Respublika onkologiya markazida laparoskop apparatida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Shu o‘rinda afsus bilan ta’kidlashim joiz, hozircha fuqarolarimiz o‘z yurtimizda yaratilgan sharoitlardan to‘liq foydalana olishmayapti. Masalan, har bir poliklinikada mavjud bo‘lgan UTT, rentgen aparati orqali ham saraton kasalligini aniqlash mumkin.

Ayollarda uchraydigan bachadon bo‘yni saratonining oldini olishga yordam beradigan vaksinalar ham mavjud. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, VPCH bilan emlash mutlaqo havfsiz. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 9 yoshli qizlarga VPCH vaksinasining ikki dozasini tavsiya qiladi. Ushbu vaksinani qabul qilgan qiz kelgusida saratonning ayrim havfli turlaridan ishonchli, samarali va uzoq muddatli himoya bilan ta’minlanadi.

 

Gulruh ABDULLAEVA yozib oldi, O‘zA