Unda jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
– Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30 iyul Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu bois, ushbu sanani O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni”, deb belgilashni taklif etaman, – dedi davlat rahbari.
– Mintaqamizda, butun dunyoda ekologik vaziyatning tobora yomonlashib borayotgani bizni jiddiy tashvishga soladi.
Qo‘shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qat’iy davom ettiramiz. Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o‘rmon va butazorlar tashkil etilayotgani Orolbo‘yi hududlarida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonchilik ishlari xalqimizni yuksak marralar sari ruhlantirmoqda.
Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yanada kuchaytiramiz.