Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati I darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlangan Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilovaning pandemiya davri mashaqqatlari hamda Davlat mukofoti bilan taqdirlanish jarayonidagi fikrlari bilan qiziqdi.

— 2020 yil butun insoniyat, xususan, xalqimiz uchun og‘ir, sinovli yil bo‘ldi. O‘sha davrlarni yodga oladigan bo‘lsak, dunyo xalqlarini tahlikaga solgan koronavirus balosi mart oyida, afsuski, bizning yurtimizga ham kirib keldi. Ammo “COVID-19” infeksiyasi ommalashishining vahimasi, qo‘rquvi, allaqachon, xorijiy mamlakatlardagi og‘ir vaziyat haqidagi xabarlar bilan bir necha oy oldin yetib kelgandi.

Prezidentimiz yil boshida o‘tkazgan qator majlis, videosellektor yig‘ilishlarida pandemiya davriga tayyor turishimiz kerak, deya ko‘p bor ta’kidladi. Shu bois Vatan sarhadlarida o‘z chegarasini himoya qilib, jangga tayyor turgan posbonlardek, biz tibbiyot xodimlari ham ko‘rinmas yov bilan kurashishga ham ruhan, ham ma’nan o‘zimizni tayyorlab bordik.

Shifoxonamizga birinchi infeksiya bilan zararlangan bemor keltirilgan kun hali-hanuz ko‘z oldimdan ketmaydi. Bemor yoniga kirayotganimizda muassasamiz xodimlarining menga tikilgan ko‘zlaridagi, endi nima bo‘ladi, degan savol ko‘rinishidagi hadik va qo‘rquv aralash nigohi yuragimga ko‘chdi.

Ammo kasbimga bo‘lgan mehrim va qasamyodimga sadoqatim tufayli va rahbarlik mas’uliyati bilan birinchi bo‘lib bemor yoniga tap-tortmay kirib bordim. Xodimlarimni ham kurashga, xalqimiz boshiga dard tushganida ularga malham bo‘lishga undadim.

Tan olib aytish kerak, o‘sha paytda butun dunyoda bo‘lgani kabi bu virusga qarshi kurashish bo‘yicha bizda ham tajriba, yetarlicha shart-sharoit mavjud emasdi.

Ammo davlatimiz rahbarining oqilona olib borgan siyosati, tibbiyot xodimlari jasaorati bilan pandemiya davrini katta ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarsiz o‘tkazdik. “COVID-19” infeksiyasi dunyo miqyosida yashin tezligida tarqalib borayotgan bir paytda mamlakatimizda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli bu ofatni ommalashishini nisbatan jilovlashga erishildi.

Bunda joylarda qisqa muddatlarda davolash proflaktika muassasalari, karantin zonalari hamda butun dunyoda kam bo‘lgan tajriba yurtimizda Saralash va taqsimlash markazlari tashkil etilgani muhim rol’ o‘ynadi.

Qayd etish kerak, yoz chillasi iyun-iyul oylari pandemiya kuchaygan eng og‘ir davri bo‘ldi. Bemorlarning hayoti uchun jon kuydirib, kunni-tunga ulab mashaqqatli mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlariga ruhan ko‘mak zarur edi. Shunday kunlarning birida, yarim tunda bemorlar yonidan chiqqanimda ommaviy axborot vositalari orqali bizni Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan bir gurux yurtdoshlarimizga Davlat mukofotlari topshirish haqidagi Prezident Farmoniga ko‘zim tushdi.

Taqdirlanganlar safida o‘zimning ism-familiyamni ko‘rib boshim osmonga yetdi. Kuch-g‘ayratim, shijoatim yanada jo‘shdi. Mening kamtarona mehnatimga, men orqali barcha tibbiyot xodimlari mehnatiga bergan bunday katta bahodan boshim osmonga yetdi. Bu yuksak mukofot meni kelajakda aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida yanada fidoyilik bilan mehnat qilishga undaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi