O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish uchun o‘rnatilgan yangi hisoblagichlar: muammo va yechim” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” AJ mutasaddilari, soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda sohada mavjud muammo va ularning yechimiga asosiy e’tibor qaratilar ekan, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ASKUE tizimi talablariga mos keluvchi hisoblagichlar o‘rnatilayotgani tizimdagi hal etilishi zarur bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishda muhim qadam ekani ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, hozirgi kun holati bo‘yicha mamlakatimizda 5 million 379 ming 615 nafar yoki 73 foiz iste’molchiga ushbu tizim talablariga mos keluvchi hisoblagichlar o‘rnatilgan. Hisoblagich o‘rnatilgan iste’molchilarning qariyb 3 millioni yoki 51 foizi billing tizimiga ulangan.

– ASKUE tizimini joriy etishdan asosiy maqsad iste’molchi va ta’minotchi o‘rtasidagi shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan, – dedi Energetika vazirligi tizimidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov. – Shu bilan birga, yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarga aniqlik kiritish, elektr energiyasini taqsimlashda har bir iste’molchi va transformator punkti kesimida kerakli ma’lumotlarni olish va tahlil qilish orqali modernizatsiya ishlarini amalga oshirishdir. Qolaversa, ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasidagi har qanday tushunmovchilarga bartaraf berib, shaffof munosabatni yaratishda bu tizim muhim ahamiyatga ega.

Xo‘sh, ASKUE tizimini joriy etish nima uchun zarur?

Tadbirda mutaxassislar tomonidan ushbu savolga aniqlik kiritildi. Ularning qayd etishicha, aksariyat iste’molchilar oxirgi o‘chirish chorasi ko‘rilmagunga qadar foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lov qilmaslik holati kuzatilmoqda. Masalan, bugungi kun holati bo‘yicha foydalanilgan elektr energiyasi uchun 1 yildan ortiq davr mobaynida to‘lovlarni amalga oshirmagan iste’molchilar soni 915 ming 456 nafarni tashkil etadi. Ulardan qarzdorligi mavjudlari 582 ming 731 nafarni, hattoki 3 yildan ortiq davr mobaynida to‘lov qilmagan iste’molchilar soni 359 ming 35 nafarni, shundan qarzdorlari 281 ming 583 nafarni tashkil etmoqda. Yangi tizim bu kabi qarzdorliklarga barham berishi bilan bir qatorda, iste’molchilarning to‘lov madaniyatini oshirishga ham xizmat qiladi.

– Qayd etish kerakki, joriy yildan buyon to‘lovlarni umuman amalga oshirmagan qarzdor iste’molchilar Samarqand viloyatida 45 ming 544 nafarni, Toshkent viloyatida 43 ming 742 nafarni, Farg‘ona viloyatida 28 ming 642 nafarni va Andijon viloyatida 26 ming 364 nafarni tashkil etadi. O‘z navbatida, iste’molchilarning qarzdorliklari bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, bugungi kun holatiga qarzdorligi yuqori bo‘lgan, ya’ni 1 million so‘mdan 3 million so‘mgacha bo‘lgan qarzdor aholi iste’molchilar soni 158 ming 645 nafarni, 3 million so‘mdan 5 million so‘mgacha 29 ming 496 nafarni va 10 million so‘mdan yuqorisi 6 ming 838 nafarni tashkil etmoqda. Ko‘p holatlarda qarzdorligi mavjud iste’molchilar tarmoqdan ajratilganda ular tomonidan o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa qayta ulanib olish holatlari mavjud edi. ASKUE tizimi joriy etilishi iste’molchilarning o‘zboshimchalik bilan ana shu kabi tarmoqqa ulanib olishiga ham chek qo‘yadi, – dedi J.Obidjonov.

Nasiba ZIYODULLAEVA,

O‘zA muxbiri