So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda karantin choralari qayta kuchaytirilishga oid turli xabarlar tarqalmoqda. Bu nechog‘lik to‘g‘ri. O‘zbekistonda karantin choralari qayta kuchaytiriladimi?

Ushbu savolga Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi, Respublika maxsus komissiyasi kotibi Mohir Karimov quyidagicha javob berdi:

– Yevropadagi hamkasblarimizning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus yangi turining avvalgisidan farqi – tez odamga yuqadi va kasallik tez rivojlanyapti. O‘zbekistonda esa koronavirusning yangi turi aniqlangani yo‘q.

Karantin cheklovlarini qo‘yishning epidemiologik qoidalari bor. Cheklovlar,jumladan, kasallikning o‘sishi, mavjud shifoxonalardagi o‘rinlarning bandligi, bizdagi mavjud salohiyatning yetishish-yetishmasligi kabi mezonlarga qarab belgilanadi.

Agarda kasallar soni ko‘payib, bunga qarshi olib borilayotgan kurashlarda qiyinchiliklar kelib chiqadigan bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasidagi maxsus komissiyamiz ko‘rib chiqadi. Hozir mamlakatimizdagi barcha ehtiyot choralari, himoya choralarimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bu koronavirus, necha xil shtammidan qat’iy nazar, ko‘payishiga yo‘l qo‘ymasligimiz o‘zimizga bog‘liq.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA