Davlatimiz rahbari joriy yil 11 dekabr kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazdi.

26 dekabr – O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan kun

Uchrashuv kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari o‘rin oldi.

Oliy darajadagi muntazam muloqot va amaliy sa’y-harakat keyingi yillarda ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, sheriklikni aniq amaliy mazmun bilan boyitish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.

bugungi kunda Hindiston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri sifatida o‘zining jahondagi o‘rnini tobora global masshtabda mustahkamlamoqda. Ushbu mamlakat, ayniqsa, yuqori texnologiyalar, innovatsiya, sanoat, dasturlash, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish sohalarida ilg‘or davlat sifatida tavsiflanadi.

Shu bilan birga Hindiston sanoati rivojlangan mamlakatlardan biri sifatida ham mintaqada salmoqli o‘rin egallaydi. Yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda turadi. Islohotlar davrida yuqori texnologiyalar, innovatsiya, dasturlash, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish sohalari rivojiga katta e’tibor qaratayotgan mamlakatimiz uchun Hindiston tajribasi juda muhim bo‘lishi mumkin.

26 dekabrda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar yo‘lga qo‘yilganiga 29 yil to‘ladi. Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat jadal rivojlangan edi. Bu ikki davlat va jamiyat manfaatlariga mos, uyg‘un intilish davri bo‘lgan. 1997 yildan beri ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida vazir o‘rinbosarlari darajasida doimiy siyosiy maslahatlashuv yo‘lga qo‘yilgan. Shu paytga qadar 11 marta oliy darajadagi tashrif amalga oshirilgan.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida jami 108 ta ikki tomonlama hujjat amalda.

Eng muhim hujjatlardan biri, shubhasiz, 2011 yilda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotdir.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelgandan keyin ikki davlat savdo-iqtisodiy va diplomatik munosabatlari yanada yuqori rivojlanish sur’atini oldi. Prezidentimiz 2018 yil 9 iyunda Xitoyda Narendra Modi bilan SHHT doirasidagi tadbirda uchrashdi. Shu yilning 30 sentyabr – 1 oktyabr kunlari Hindistonga birinchi tashrifini amalga oshirdi. Mazkur davlat tashrifi chog‘ida umumiy hajmi 3,2 milliard dollarlik 20 dan ortiq shartnoma va bitim imzolandi.

Masalan, 2017 yil Hindistonga 32,5 million dollarlik dukkakli mahsulot, balzam, xom ipak, o‘g‘it va ishqorli metall eksport, 191 million dollarlik dori vositasi, tibbiyot uskunasi, qora metall, avtomobil ehtiyot qismi import qilingan edi. Shu yili mamlakatimizda 145 o‘zbek-hind qo‘shma korxonasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, shundan 21 foizi to‘liq hind kapitali asosida ishlagan. Dehlida o‘zbek-hind savdo uyi ochilgan.

O‘tgan qisqa davrda savdo-iqtisodiy aloqalar ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Xususan, 2019 yil o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi 359 million dollarga yetib, 2018 yilga nisbatan 25 foiz o‘sishga erishildi. Shundan eksport 28 million dollar (12 foiz o‘sish), import esa 330,5 million dollar (26,5 foiz o‘sish)ni tashkil qildi. 2020 yil yanvar-dekabr oylarida pandemiya sababli O‘zbekiston eksporti hajmi biroz pasaygan bo‘lsa-da, hind tovarlari importida barqaror o‘sish kuzatildi. O‘zaro savdo hajmi ham ortib bormoqda. Global inqiroz yuzaga keltirgan murakkab bozor kon’yunkturasi sharoitiga qaramay, yil boshidan tovar ayirboshlash yetti foizga ko‘paydi.

Mamlakatlarimiz yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilishgan. Buning uchun o‘zaro savdo hajmi ortishiga qulay sharoit yaratish, texnik to‘siq, cheklovlarni bartaraf etish borasidagi hamkorlik jarayoni takomillashtirilmoqda.

bugungi kunda O‘zbekistonda hind kapitali ishtirokida 285 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni ko‘rsatkich bo‘yicha 2017-2020 yillarda 2,5 baravar o‘sish kuzatildi.

2018-2019 yillari O‘zbekistonda Hindistonning “Amiti”, «Sharda» universitetlari filiallari tashkil etildi. 2019 yil 24 iyulda Toshkent shahrida AKT va dasturiy mahsulotlar texnologik parki tashkil kilindi.

bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor sohalari farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, turizm, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, mineral resurslar qazib olish, uy-joy qurilishi hisoblanadi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi hamkorlik mustahkam va maqsadlidir.

Ne’mat XOLMATOV,
iqtisod fanlari nomzodi.

O‘zA