Shu kunlarda yurtimizda Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Glushko boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘lib turibdi.

25 dekabr kuni Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov mazkur delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

O‘zbekiston bilan Rossiya federatsiyasi o‘rtasida turli sohalarda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha sheriklik ham tobora kengaymoqda.

2019 yil 1 martda O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim tashkilotlari filiallarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida hukumatlararo bitim kuchga kirgandi. Oradan ikki oycha o‘tib, hamkorlikning yangi platformasi – iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo Qo‘shma komissiyasi yig‘ilishida ta’lim, malaka va ilmiy darajalarga oid hujjatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida bitim imzolandi. bugungi kunga qadar mazkur komissiya qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan fan va ta’lim bo‘yicha kichik komissiyaning ikki yig‘ilishi o‘tkazilib, davlatlararo oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi.

Hamkorlik 2020 yilda ham izchil davom ettirildi. Pandemiya tufayli 27 may kuni Rossiya va O‘zbekiston universitetlari rektorlarining mintaqalararo konferensiyasi onlayn shaklda tashkil etildi. Mazkur anjuman O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari sammitining 2020 yilga mo‘ljallangan dasturiga kiritilgan ikkinchi o‘zbek-rus ta’lim forumini tayyorlashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qildi.

So‘nggi uch yil ichida olib borilgan muzokaralar natijasida yurtimizda fundamental yo‘nalishlarda malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan Rossiya Federatsiyasidagi nufuzli universitetlarning 8 filiali tashkil etildi. Shu tariqa O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallari soni 11 taga yetdi. 2020-2021 o‘quv yilida mazkur filiallarga 2180 nafar iqtidorli yosh qabul qilindi.

Respublikamizdagi 34 oliy ta’lim muassasasida Rossiyaning 48 oliy o‘quv yurti bilan birgalikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanmoqda. Birgina joriy o‘quv yilida RF nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlariga bakalavriat bo‘yicha 4100, magistratura yo‘nalishida 450 nafar talaba qabul qilindi.

Ayniqsa, o‘tgan ikki yil mobaynida O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari hamkorligi ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. 2018 yilgacha ikki mamlakatning 70 ga yaqin OTM o‘zaro hamkorlik qilgan bo‘lsa, 2020 yilda ayni ko‘rsatkich 115 dan oshdi. 2018 yili hamkorlikka oid 128 bitim va 46 yo‘l xaritasi tasdiqlangan bo‘lsa, 2020 yilda 242 bitim imzolanib, 63 yo‘l xaritasi amalga oshirilmoqda.

Hozir Rossiya oliy ta’lim muassasalarida 30 264 o‘zbekistonlik tahsil olyapti. Har yili 200 nafardan ortiq iqtidorli yosh Rossiya Federatsiyasi federal byudjeti granti asosida o‘qish uchun Rossiya universitetlariga yuborilmoqda.

Rossiya va O‘zbekiston ilmiy sohada ham samarali hamkorlik qilib keladi. Buning natijasi sifatida xalqaro ilmiy-texnik axborot bazasida indekslangan, birgalikda tayyorlangan ilmiy maqolalarni ko‘rsatish mumkin. 2016 yil bunday nashrlar soni 85 ta edi, 2019 yilda bu raqam 140 dan ortiqni tashkil etmoqda.

Ikki mamlakat professor-o‘qituvchilari tomonidan birgalikda olib borilayotgan ilmiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida fizika, kimyo, materialshunoslik, spektroskopiya, astronomiya va astrofizika kabi fanlarni ko‘rsatish mumkin.

Bu galgi uchrashuvda ham sohani sheriklikda taraqqiy ettirish mamlakatlarimiz uchun birdek manfaatli ekani aytildi. O‘zbekiston yoshlarini professional kasbga tayyorlash, ular malakasini oshirishda birgalikda ish olib borish masalasi anchayin dolzarbligi qayd etildi.

Muloqot davomida professional ta’lim sohasida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishildi.

Muzokara yakunida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida oliy va professional ta’lim tizimida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan strategik ahamiyatga molik hujjatlar imzolandi.

Jumladan, vazirlik huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruvi hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti, Rossiya Federatsiyasining Kasb-hunar ta’limini rivojlantirish instituti hamda Ilg‘or kasbiy tayyorgarlik markazi o‘rtasida bitim kuchga kirdi.

Bundan buyon rossiyalik hamkorlar bilan professional ta’lim tizimi uchun o‘quv-me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish, ish beruvchi talabiga muvofiq kadr tayyorlashni yo‘lga qo‘yish va “worldskills” standartini yurtimiz kasb-hunar ta’limi tizimiga joriy etishda yaqindan hamkorlik qilinadi.

Saidmurod RAHIMOV,

O‘zA muxbiri