Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tomonidan o‘tkazilgan xalqaro vebinarda koronavirus bilan og‘rigan bemorning birinchi 4 kundagi holatini tahlil qilish algoritmi va kasallikning bundan keyingi holatini oldindan aytish, kasallikning turli bosqichlarida samara bergan dorilar va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Unda Buyuk Britaniya va Hindiston mutaxassislari o‘z taqdimotini o‘tkazdi. Tadbirda mamlakat parlamenti Qonunchilik palatasi vakillari, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari, jumladan, Epidemiologiya mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti, Sog‘liqni saqlash vazirligi viloyat boshqarmalari, hududiy infeksion kasalliklar shifoxonalari, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Toshkent farmatsevtika instituti vakillari ishtirok etdi.

London Qirollik gospitalining “Foundation” dasturi direktori va “American Heart Association” jurnali muharrirlaridan biri doktor Adjay Guptaning ta’kidlashicha, xalqaro ma’lumotlarga ko‘ra, tojdor virus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha AQSH (16,3 million nafar) va Hindiston (9,9 million nafar) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, aynan ushbu ikki mamlakatda o‘lim ko‘rsatkichi ham baland. Bu ko‘rsatkich AQSHda 1,83 foiz, Hindistonda esa 1,46 foizni tashkil etadi. Dunyo bo‘yicha bugun 72 million kishi ushbu virus bilan kasallanganlar sifatida ro‘yxatga olingan. O‘zbekiston epidemiyani yetarli darajada jilovlagan.

Doktor A.Gupta xalqaro tajribaga tayangan holda kasallikning asosiy alomatlari, uning o‘pkadan tashqarida paydo bo‘lishi, kasallik kechishining har xil shakllarining har xil mamlakatlarda qabul qilingan bemorlarni davolash algoritmiga xos xususiyatlari, shuningdek, dori vositalarini qo‘llash bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni taqdim etdi. Butun dunyodagi mutaxassislar polipragmaziya, ya’ni ko‘p miqdorda dori qabul qilishdan cheklanish kerak, deb hisoblaydi. U sog‘ayish jarayonini og‘irlashtirib yuborishi ma’lum bo‘lmoqda.

Xususan, COVID-19ning yengil va o‘rtacha og‘ir shaklida, ya’ni shifoxonaga yotqizmasdan davolashda deksametazonni qo‘llash tavsiya etilmasligi ta’kidlanadi. U shuningdek, shifoxonaga yotqizilgan bo‘lsada, kasallikning kislorod yordamiga ehtiyoj bo‘lmagan holatda ham tavsiya etilmaydi. Ushbu keltirilgan holatlarda, shuningdek, remdesivirni qo‘llashga qarshilik qilish yoki aksincha uni tavsiya etish uchun aniq asoslar yo‘q. Lekin u kasalligi avjga chiqish xavfi yuqori bo‘lgan bemorlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Shunday qilib, kasallik kechishining har bir shakli o‘z ko‘rsatishiga ega, har bir dori vositasi esa bemorning individual holati tahlilidan kelib chiqib qo‘llanilishi kerak.

Vebinarda o‘zbekistonlik va chet ellik mutaxassislar o‘rtasida muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, doktor A.Gupta va Milliy palata maslahat kengashi a’zosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Asomiddin Komilov shifokorlar uchun kasallanishning dastlabki 4-5 kunlarida COVID-19ning rivojlanish prognozi algoritmini ishlab chiqish haqida qaror qabul qildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlanmalar ko‘pgina mamlakatlarda mavjud. AQSH, Buyuk Britaniya mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan algoritmlarni, shuningdek, O‘zbekiston mutaxassislari tajribasini tahlil etish va ular asosida shifokorlarga eng avvaldan aniqlashning maqbul variantini taklif etish rejalashtirilgan.
COVID-19ning hiylasi shundaki, bemor dastlabki kunlarda o‘zini yaxshi his etishi, 5-6 kunlarga kelib esa ahvol to‘satdan yomonlashishi mumkin. Algoritm esa shifokorlarga kasallikning dastlabki kunlaridayoq bunday holatni avvaldan aniqlash va COVID-19 yomon kechishining oldini olish imkonini beradi.

Vebinar davomida “Mahajan Imaging” (Nyu-Deli, Hindiston)ning asoschisi va bosh radiologi doktor Xarsh Maxadjan ishtirokchilarni COVID-19ni radiologik tashhislash bo‘yicha so‘nggi xalqaro tajriba bilan tanishtirdi.

Shuningdek, Milliy palata tomonidan radiologiya sohasida sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha “Mahajan Imaging” tajribasi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga birga joriy etish uchun istiqbolli tajriba sifatida batafsil o‘rganildi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi samarali kurashga oid hamkorlik muhokama etildi.

Vebinar shifokorlarga COVID-19 bilan kasallangan bemor holatini kasallikning har xil bosqichida tashhislash va uni individual davolash bo‘yicha eng so‘nggi xalqaro tajriba va tavsiyalar bilan tanishish imkonini berdi.

Innovatsion sog‘liqni saqlash 
Milliy palatasi matbuot xizmati