Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq holat, virus tarqalishining oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.

Ayni paytda yurtdoshlarimiz koronavirus borasida ancha xotirjam. Lekin dunyoda tojli virus bilan bog‘liq yana xavotirli xabarlar tarqalyapti. Bu borada O‘zbekistonda qanday vaziyat prognoz qilinyapti va qanday holatga tayyorgarlik ko‘rilyapti?

– O‘zbekistonda boshqa davlatlarga qaraganda ilk bor saralash markazlari tashkil etildi, – dedi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Anvar Olimov. – Mazkur saralash markazlarida 30-40 foizdan oshiq o‘rinlar yetarli darajada bo‘ldi. Bu kasallik ortgan vaqtda sog‘liqni saqlash tizimi uchun kerak bo‘lgan o‘rin fondining kerakli darajada statsionar davodan qolib ketmasligini ta’minladi. Ikkinchisi saralash markazlarida eng kuchli, laboratoriya jihozlari, qolaversa yangi metodikani joriy etdik. Har bittasi uchun yetarli darajada kislorod bilan ta’minlashga erishdik. Chunki bu holatda eng asosiy yo‘nalishlardan bittasi yetarli darajada kislorod zaxirasiga ega bo‘lishdir. U yerda 2-4 kun davomida kasallikning og‘irligiga qarab birlamchi yordam ko‘rsatildi. Bemor tekshiruvdan o‘tkazilib, agar uy sharoitida davolanadigan bo‘lsa, uyga yoki bemor ahvolidan kelib chiqib, maxsus shifoxonalarga yubordik. Bu bizning eng birinchilar qatorida jahondagi yangi metodikamiz bo‘ldi. Prognozga keladigan bo‘lsak, prognoz yaxshi. Kasallik ortib ketmasligi har birimizga bog‘liq.

Qayd etilishicha, bugungi kunda zaxira o‘rinlari, u yerdagi dori-darmon, maxsus tibbiy asbob-uskunalar ma’lum muddatga konservatsiya qilinyapti. Noxush holat bo‘ladigan bo‘lsa, bir kunda qancha o‘rin kerak bo‘lsa, tashkil etish imkoni mavjud. Xususan, Toshkent shahrida hozir 4 ming 900 o‘rin zaxira qilindi. Har bir viloyatda bir yarim mingdan 3 mingtagacha zaxira o‘rinlar tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan kamida 3 oylik dori vositalari zaxirasi yaratilgan.

– JSST va uning Yevropa hududiy byurosiga murojaat qilganmiz, – dedi Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov. – Prezidentimizning farmoyishga asosan mablag‘ ajratilgan. Biz IVL, PSR apparatlari va dori sotib olishimiz kerak. Ming afsuski, o‘sha paytda JSSTda ham isbotlangan hech qanday usul yo‘q edi. Shundan kelib chiqib, qaysi dori birinchi paydo bo‘lgan bo‘lsa, masalan, AQSH prezidenti birinchi bo‘lib gidroksixloroxinni maqtab chiqdi, shu zahoti buni sotib olish masalasi boshlandi. Dunyoda samara beradigan dorining ilmiy asosi yo‘q edi. Orqasidan favipiravir sotib olinib, nafaqat zaxira yaratildi, balki O‘zbekistonda ishlab chiqarish boshlandi. Undan keyin eng qimmatbaho dori – remdisivir, reanimatsiyadagi og‘ir bemorlarni shu orqali saqlab qoldik.

Sessiyada shuningdek, koronavirusning mutatsiyaga uchrayotgani, yangi turi tarqalishi va buning O‘zbekistonga qanday xavf solayotgani, vaksina samarasi, epidemiologik vaziyat muhokama qilindi.

– Qizil, sariq, yashil rangni svetofor tufayli juda tez farqlaydigan bo‘lganmiz, – dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh epidemiologi Nurmat Otabekov. – Qizil – olov ramzi, xavf belgisi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Avstriya, Avstraliya, Janubiy Afrika davlatlari «qizil» rangga kiryapti. Demak, bu xavf degani. Maxsus komissiya qarori bilan hozir 8 ta mamlakat bilan aviaqatnovlar to‘xtatildi. Tarixga nazar tashlaylik, kasallik bizga chetdan kirib keldi. Ilk bor aniqlangan bemor ham chet eldan kelgan edi. Epidemiologiyaning oltin qoidasi – kasallik manbaini jilovlash. Kasallik manbaini jilovlasak, epidemiologik zanjirni uza olamiz. Asosiy maqsadimiz ham shu. O‘zbekiston xorijdagi fuqarolar va talabalarni uyushgan holda olib keldi. Biz kasallik manbalarini bitta joyga jamladik, keyin jilovlash ishlari bilan shug‘ullandik. Mana shu ishlarning samarasi o‘laroq hozir biz barqaror vaziyatga kelib turibmiz.

Shahnoza MAMTUROPOVA, O‘zA