O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Polsha poytaxti Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan Diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha vazirlar konferensiyasida ishtirok etib, tadbir qatnashchilariga videomurojaat yo‘lladi.

A.Komilov tadbir ishtirokchilariga diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha mamlakatimiz tajribasi va respublikamiz ayni yo‘nalishdagi xalqaro majburiyatlarini izchil bajarayotgani haqida ma’lumot berdi.

Konferensiya mavzusi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida fuqarolar huquq va erkinliklari, jumladan diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar natijasida yuz berayotgan chuqur demokratik o‘zgarishlar ruhiga mos ekani e’tirof etildi.

Qisqa davr mobaynida e’tiqod erkinligini mustahkamlash sohasida respublikada ko‘rilgan aniq choralar, xususan, xalqaro huquq me’yorlari va eng yaxshi demokratik standartlar asosida, yangi tahrirda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilishi, diniy birlashmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni soddalashtirilishi, mamlakat tarixida ilk bor din va e’tiqod erkinligi ta’minlanishi monitoringi bo‘yicha parlament eshituvi o‘tkazilishi qayd etildi.

Shuningdek, vazir bag‘rikenglik madaniyatini mustahkamlash hamda ta’lim va ma’rifatni faol targ‘ib qilish jamiyatda diniy erkinlik va millatlararo totuvlikni ta’minlashning samarali yo‘llaridan biri ekaniga ham urg‘u berdi.

O‘zbekiston TIV rahbari mazkur muhim forum insonning e’tiqod erkinligi huquqini himoya qilishni ilgari surish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish yo‘lida navbatdagi muvaffaqiyatli qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

 

O‘zA