Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara Oʻrinboyeva ishtirokida brifing tashkil qilindi.
Maʼlum qilinishicha, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2022-yil 31-dekabrgacha belgilab qoʻyilgan transport vositalari uchun utilizatsiya yigʻimining nol stavkasi qoʻllanilishi belgilandi.
Endilikda davlatlararo, hukumatlararo, xalqaro tashkilotlar yoʻnalishlari boʻyicha xayriya yordami maqsadlarida olib kiriladigan transport vositalariga ham utilizatsiya yigʻimi bekor boʻldi.
Xususan, ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan yuk tashish uchun moʻljallangan shatakchi avtomobillar, shuningdek, 5 yildan oshmagan tirkamalar va yarim tirkamalar, yuk tashish uchun moʻljallangan yangi transport vositalari hamda maxsus moʻljallangan yangi transport vositalari va ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan haydovchi bilan birga 10 va undan ortiq yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan transport vositalari uchun utilizatsiya yigʻimi boʻyicha imtiyozlar mavjud.
Brifingda taʼkidlanishicha, maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq, maktab oʻqituvchilari malaka oshirishga yuborilganda oʻqishning barcha davrida ularning asosiy ish joyi boʻyicha egallagan lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanadi, ularning oʻquv yuklamasi esa boshqa aʼzolar oʻrtasida taqsimlanadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA