Qoraqalpogʻistonlik imom-xatiblar Samarqandga keldi

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar va keng koʻlamli bunyodkorlik ishlaridan xabardor etish hamda aholi oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida joylarda imom-xatiblar uchun oʻquv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida oʻtkazilgan ana shunday tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi imom-xatiblari qatnashdi.
Dastlab, mehmonlar Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Soʻngra Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Markaz direktori Sh.Ziyodov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu muassasaning maqsad va vazifalari, ayni paytda bu yerda zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar maʼnaviy merosini oʻrganish borasida olib borilayotgan ishlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar, taʼlim dargohlari bilan hamkorlik haqida soʻzlab berdi.
Markaz muzey fondidan oʻrin olgan eksponatlar, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) tomonidan markazga hadya etilgan xattotlik namunalari koʻrgazmasi, shuningdek, yangi nashr etilgan kitob va risolalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Oʻquv-seminarda yurtimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda bir qator loyihalar amalga oshirilib, buyuk ajdodlarimiz ilmiy-maʼnaviy merosi chuqur tadqiq etilayotgani, bunda ayniqsa, xalqaro ilmiy markazlar muhim oʻrin tutayotgani taʼkidlandi.
Markaz ilmiy xodimlari tomonidan Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosi va uning hozirgi kundagi ahamiyati, movarounnahrlik allomalarning kalom ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi, Imom Buxoriyning hadis ilmida tutgan oʻrni va uning hozirgi kundagi ahamiyati mavzularida maʼruzalar oʻqildi.
– Ushbu oʻquv-seminarlar bizni faqatgina diniy ilm bilan cheklanib qolmasdan, yurtimizda olib borilayotgan siyosatning amaliy natijasini koʻrishga keng imkoniyat yaratdi, – deydi Nukus tumani imom xatibi Olimjon Salimov. – Safarimiz davomida avval Toshkentdagi Islom svilizatsiyasi markazi, soʻngra Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishga muyassar boʻldik.
Har ikki muassasada ham dinimiz rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan muhaddislar, ulugʻ allomalar merosini oʻrganish borasida yosh tadqiqotchilar tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, xursand boʻldik. Bu maʼnaviy merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni qancha koʻp bahramand etsak, bu barchamiz uchun foydali boʻladi.

 

Gʻ.HASANOV, OʻzA