YETTB sobiq prezidentiga “Doʻstlik” ordeni toshpirildi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 2012-yil iyul oyidan 2020-yil iyul oyigacha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelgan Suma Chakrabartiga mamlakatimizning “Doʻstlik” ordenini toshpirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Yuksak mukofotni oʻz egasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov taqdim etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 9-iyul kuni imzolangan tegishli Farmonida S.Chakrabartining Oʻzbekiston va YETTB oʻrtasida “strategik sheriklikni yoʻlga qoʻyish va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishda”gi xizmatlari qayd etilgan.
Bundan tashqari, hujjatda S.Chakrabartining “mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturlari samaradorligini oshirish, shuningdek, Respublikada qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish jarayonini faol qoʻllab-quvvatlashga” qoʻshgan hissasi ham alohida taʼkidlangan.
Taʼkidlash joiz, joriy yil 1-oktyabrdan boshlab S.Chakrabarti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik boʻyicha maslahatchisi vazifasini bajarishga kirishdi.
Tadbir davomida S.Chakrabarti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorlik bildirdi: “Ikki karra gʻururlanaman – birinchidan, bunday yuksak mukofot bilan taqdirlanish men uchun katta sharaf, ikkinchidan, mamlakatingizda islohotlar dasturini amalga oshirishga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi sifatida hissa qoʻshishga amaliy imkoniyat yaratilganidan nihoyatda xursandman. Men Oʻzbekistonni yana-da rivojlantirish va davlatning jahon miqyosidagi imijini mustahkamlash uchun maksimal saʼy-harakatlarimni ishga solishga tayyorman”.
Uchrashuv yakunida kelgusi hamkorlik doirasida birgalikda ish olib borish istiqboli va amalga oshirilishi lozim boʻladigan birinchi navbatdagi vazifalar toʻgʻrisida fikr almashildi.

 

OʻzA