Oʻzaro iqtisodiy hamkorlik yana-da kengayadi

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida 19-oktyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Ijroiya qoʻmitasining XXVIII yigʻilishi va XVIII Bosh assambleyasi boʻlib oʻtdi.

Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan tadbirda Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi raisi Mustafo Rifat Hisorjiqli oʻgʻli, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Hodi Sulaymonpur, IHT savdo-sanoat palatasi prezidenti, Afgʻoniston xalqaro savdo palatasi taʼsischisi Azaraxsh Hafiziy, Eron Islom Respublikasi savdo, sanoat va konchilik ishlari palatasi prezidenti Husayn Shofiy, Pokiston Islom Respublikasi savdo-sanoat palatasi federatsiyasi prezidenti Anjum Nissor, Tojikiston savdo-sanoat palatasi prezidenti Jamshid Jumaxonzoda ishtirok etdi.

Anjuman ishida mamlakatimiz nomidan Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Islom Jasimov va rais oʻrinbosari Farizshoh Usmonov qatnashdi.

Uchrashuv avvalida Mustafo Rifat Hisorjiqli oʻgʻli mazkur tadbir juda muhim ahamiyatga ega yigʻilish ekanini qayd etdi.

Islom Jasimov oʻz soʻzida ijroiya qoʻmitaning 2018-yil Tehronda oʻtgan yigʻilishida ilk bor qatnashgan Oʻzbekiston soʻnggi ikki yilda tashkilot ishida faol ishtirok etib kelayotganini taʼkidladi.

Yigʻilishda investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish mamlakatlarimiz oʻrtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishning muhim sharti ekani qayd etildi.

Anjumanda aʼzo davlatlar vakillarining maʼruzalari tinglandi. Ixtisoslashtirilgan qoʻmitalar, jumladan, Tadbirkor ayollar kengashi, Turizm, Transport, Arbitraj, Sanoat, investitsiyalar hamda kichik va xususiy biznesni rivojlantirish, Savdoni yengillashtirish qoʻmitalari yigʻilishlari natijalari bilan tanishildi.

Mintaqaviy davlatlararo iqtisodiy tuzilma hisoblanadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti tarkibiga 10 davlat – Oʻzbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirgʻiziston kiradi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Savdo-sanoat palatasi tuzilmaga aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ixtisoslashgan organdir.

Ayni payt Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi IHT SSP doirasida faol saʼy-harakatlarni yoʻlga qoʻygan. Xususan, Pokiston, Turkiya, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston savdo palatalari bilan ikki tomonlama ishbilarmonlar kengashlari tuzilgan. Ozarbayjon, Eron va Qirgʻiziston bilan xuddi shunday kengash shakllantirish boʻyicha ish olib borilmoqda.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, kichik va xususiy biznes oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatishga koʻmaklashish, transport-kommunikatsiya, turizm sohalarida oʻzaro aloqalarni rivojlantirish hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi.

Tadbirda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilinib, qator kelishuvlarga erishildi.

 

S.RAHIMOV, OʻzA