Beruniy tumanida innovatsion klinika ish boshladi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida “Doktor Maksudova innovatsion klinikasi” oftalmologiya va diagnostika markazining ochilish marosimi boʻldi.
Bu haqda Beruniy tumani hokimligi axborot xizmati OʻzA muxbiriga maʼlum qildi.
Tadbirda tuman hokimi A.Saparbayev, klinika taʼsischisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan tibbiyot xodimi Z.Maksudova, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari J.Kazbekov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri O.Hamroyev soʻzga chiqib, aholini yangi klinikaning ochilishi bilan qutladi.
photo_2020-10-18_12-52-08.jpg
Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2018-yil 15-16-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida oʻtkazilgan majlis bayoniga asosan 2019-yilda Beruniy tumanida loyiha qiymati 11 milliard soʻm boʻlgan xususiy oftalmologiya va diagnostika markazi tashkil etish belgilangan edi. Yurtimizda xususiy tibbiyot rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Koʻpgina tibbiyot taraqqiy etgan mamlakatlarda qoʻllanilayotgan ilgʻor innovatsion tibbiy texnologiyalarni mamlakatimiz tibbiyotida joriy etishga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Shu maqsadda tumanda oʻz faoliyatini boshlayotgan “Doktor Maksudova innovatsion klinikasi” oftalmologiya va diagnostika markazida zamonaviy tibbiyotning eng soʻnggi uslubida davolash va jarrohliq jarayonlari olib boriladi.
Klinikada telemeditsina markazi ham tashkil qilingan boʻlib, endilikda bevosita chet ellarning malakali shifokorlari bilan hamkorlikda tajriba almashish imkoniyati yaratildi.
photo_2020-10-18_12-52-05.jpg
Bu yerda aholiga oftalmologiya va diagnostika, stomatologiya, LOR-kombayn, ginekologiya-videokolposkopiya, kardiologiya, EKG, UZI kabi xizmatlar koʻrsatiladi. Klinikada 10 nafar malakali shifokor va 18 nafar ishchi xodim faoliyat olib boradi. Oʻrnatilgan texnologik uskunalar-AQSH, Yaponiya va Germaniya davlatlaridan olib kelingan.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, avvalo, inson manfaatlarini taʼminlash, fuqarolar salomatligini mustahkamlashga, ularning hayotdan, bugungi davr islohotlaridan rozi boʻlib yashashiga xizmat qilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari yangi klinikada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA