Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasida

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini yana-da ilgari surish boʻyicha tashabbusini oʻz vaqtida va toʻlaqonli amalga oshirish yuzasidan ishchi guruhining videokonferensiya tarzida yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Oʻzbekistonning Nyu-York va Jeneva shaharlardagi vakolatxonalari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar rahbar va mutasaddi vakillardan iborat ishchi guruh aʼzolari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishni ushbu masala yuzasidan ishchi guruhi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A.Saidov olib bordi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini yana-da ilgari surish boʻyicha tashabbusini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan 7 ta banddan iborat tarmoq jadvali ishlab chiqildi hamda ushbu tarmoq jadvali Konvensiya loyihasining milliy va xalqaro maydonda muhokamasidan boshlab, rezolyutsiyani BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida qabul qilish masalasini ilgari surishgacha boʻlgan jarayonni oʻz ichiga olgan.
BMT Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyasi loyihasini ishlab chiqish jarayoni haqida ham gapirildi. Ushbu Konvensiya loyihasini ishlab chiqish uchun Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz tomonidan bir qator davlat idoralari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan.
Ishchi guruh tomonidan Konvensiyaning konsepsiyasi va loyihasi ishlab chiqilgan.
Ushbu Konvensiya loyihasi, takliflarni olish maqsadida bir qator davlat idoralari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlariga yuborilgan. Shu bilan birga, Konvensiya loyihasi BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasiga ham yuborilgan. Olingan taklif va tavsiyalar natijasida Konvensiya loyihasi maromiga yetkazilgan. BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi loyihasi keng xalqaro muhokamaga taqdim etilgan.
Ushbu Konvensiya loyihasi bir qator nufuzli maydonlarda muhokama qilinganini alohida taʼkidlash lozim.
Xususan, 2019-yilning 7-8-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi (IHMDK), Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari (IHBOK) bilan hamkorlikda, yillik seminarlarning 6-sonini “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusida muhokama seminari tashkil etilgan.
Ekspertlar va ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan keng qamrovli taqdimotlardan tashqari, seminar ishtirokchilari mavjud xalqaro va mintaqaviy vositalar hamda yoshlar huquqlarini himoya qilish va ilgari surish mexanizmlarini tahlil qilishdi. Aʼzo davlatlardagi yoshlarning oʻz huquqlarini toʻla amalga oshirishi uchun duch keladigan asosiy muammolari eʼtiborga olindi hamda tinch, barqaror va bardavom jamiyat qurishda yoshlarning rolini kuchaytirish boʻyicha taklif qilingan usullar toʻgʻrisida fikr yuritilgan.
2020-yil 12-13-avgust kunlari “Yoshlar 2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzuida Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi oʻtkazilgan.
Yigʻilishda soʻzga chiqqanlar tarmoq jadvalidagi bandlarning sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash uchun barcha choralarni koʻrishga alohida eʼtibor qaratilishi lozimligini taʼkidladilar.
Shuningdek yigʻilishda BMT, Parlamentlararo Ittifoq, milliy parlamentlarning yosh deputatlari va Yoshlar parlamentlari bilan birgalikda Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasini muhokama qilishga puxta tayyogarlik koʻrish lozimligi aytildi. Xususan, BMT doirasida Konvensiya loyihasini ilgari surish boʻyicha “Doʻstlar guruhi”ni shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda ishchi guruhi aʼzolari tomonidan ushbu yigʻilish davomida bildirilgan taklif va mulohazalarni, tarmoq jadvali ijrosi nazoratini tegishli mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borishga kelishib olindi.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA