Milliy madaniyatimiz va san’atimiz fidoyisi Baxtiyor Sayfullayev mehribon, samimiy, oqko‘ngil inson, yaxshi tashkilotchi, kuyinchak ustoz edilar. Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Baxtiyor Sayfullayev. So‘nggi nafasgacha” deb nomlangan hujjatli film taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Film taqdimotiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati a’zolari, turli vazirlik va idoralar mutasaddilari, ijodkor ziyolilar, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev mazkur hujjatli filmning yaratilishi tarixi, Baxtiyor Sayfullayevning insoniy fazilatlari xususida batafsil so‘zladi.
– Ayrim filmlarga nom topish juda qiyin kechadi, – dedi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev. – Lekin ushbu filmni nomlayotganda Baxtiyor akaning endigina shakllanib, to umrining oxiriga qadar Vatanimiz, milliy madaniyatimiz va san’atimiz rivojiga baxshida umrini ko‘z oldimizga keltirib, uni “Baxtiyor Sayfullayev. So‘nggi nafasgacha” deb nomladik. Shu tadbirdagi ishtirokchilarning bari Baxtiyor aka bilan bog‘liq nurli xotiralarni yodga olishi tabiiy. Baxtiyor aka ustozlariga mehrli va sadoqatli bo‘lgani sababli o‘zlari ham katta ehtirom topdilar. Ular juda nurli, ibratli umr kechirdilar. Filmni yaratish jarayonida rejissyor Murodjon Odilov Moskva, Sankt-Peterburg, Bishkek kabi shaharlarga borib, Baxtiyor akaning do‘stlari bilan suhbatlar qurdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning aytishicha, uning hayotida Baxtiyor Sayfullayevning o‘rni beqiyos bo‘lgan.
– Oliy o‘quv yurtiga kirishimda Baxtiyor akaning hissalari katta bo‘lgan, – dedi Ozodbek Nazarbekov. – O‘shanda ijodiy imtihondan yaxshi baho olgan bo‘lsam-da, test sinovlaridan natija ko‘ngildagidek emas edi. Shunda Baxtiyor aka, “bu institutda sen o‘qimasang, kim o‘qiydi?!”, deb meni o‘qishga qabul qilgan edilar. Ta’lim jarayonida ham, madaniyat vazirligida ish boshlaganimda ham menga katta ishonch bildirgan edilar. Madaniyat sohasidagi qonunchilikni, boshqaruvda 10 yillar davomida o‘rganishim kerak bo‘lgan bilimlarni qisqa fursatda o‘rgandim. Bunda Baxtiyor akaning xizmatlari juda katta bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov yoshlar, madaniyat va sport masalalariga oid qonunchilikning qabul qilinishida Baxtiyor Sayfullayevning hissalari katta bo‘lganini ta’kidladi.
Aytish kerakki, Baxtiyor Sayfullayev 1951 yil 1 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan edi. O‘rta maktabni tugatgandan so‘ng, Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ni drama teatri va kino aktyori mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi.
Mehnat faoliyatini 1972 yil Respublika yosh tomoshabinlar teatri aktyori va rejissyori sifatida boshladi. Keyinchalik Toshkent davlat madaniyat instituti katta o‘qituvchisi, fakultet dekani o‘rinbosari, fakultet dekani vazifalarida mehnat qildi. Sankt-Peterburg davlat madaniyat institutida nomzodlik ishini himoya qilgach, Toshkent davlat madaniyat institutida pedagogik faoliyatini davom ettirdi.
O‘z faoliyati davomida Baxtiyor Sayfullayev respublika miqyosida ommaviy madaniy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha mohir rejissyor sifatida tanildi.
Navro‘z, Mustaqillik bayramlari, turli davlat miqyosidagi konsertlar, musiqiy tadbirlar, yosh ijodkorlar uchun ko‘plab ko‘rik-tanlovlarni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatdi.
Ustoz ijodkor 2005-2020 yillarda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, madaniyat vaziri kabi lavozimlarda samarali mehnat qildi. Professor Baxtiyor Sayfullayev 2012-2020 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida rektor sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi etib tayinlandi. Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi lavozimidagi faoliyati davomida mamlakatimizda madaniyat va yoshlar siyosatini amalga oshirish, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishdagi huquqiy bazani yanada takomillashtirishda samarali mehnat qildi.
Turkiy davlatlar tashkilotining Oqsoqollar kengashi a’zosi – O‘zbekiston vakili Baxtiyor Sayfullayev mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, madaniy diplomatiyani rivojlantirish, milliy madaniyatimiz va san’atimizni dunyo miqyosida targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shgan.
Baxtiyor Sayfullayevning mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, yoshlar iste’dodini kashf etish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi xizmatlari yuksak qadrlanib, ustoz ijodkor “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi” unvoni bilan mukofotlandi. Shuningdek, TURKSOY tashkilotining “Oltin medal” mukofoti bilan taqdirlangan edi.
Hujjatli kartinada taniqli davlat va jamoat arboblari, ustoz ijodkorlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, ustozning shogirdlari Baxtiyor Sayfullayev haqidagi yorqin xotiralari bilan o‘rtoqlashadi. Filmda xalqimizning fidoyi, kamtarin bir ziyolisining chin insoniy fazilatlari, rahbarlik, tashkilotchilik, ustozlik xislatlari, namunali oila boshlig‘i, mehribon ota sifatidagi qirralari g‘oyat ta’sirchan va mazmunli ochib berilgan.
Kinematografiya agentligining Hujjatli va xronikal filmlar studiyasida suratga olingan ushbu film prodyuseri – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov. Kartina ssenariy muallifi – Azizbek Turdiyev. Rejissyor – Murodjon Odilov.
“Baxtiyor Sayfullayev. So‘nggi nafasgacha” deb nomlangan hujjatli filmning taqdimotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri