Nukus shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda uyushma bo‘limi boshqaruvi a’zolari, hududiy OAV mas’ullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda qatnashgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov mamlakatimizda ochiqlikni, matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, Yangi O‘zbekistonning yangi jurnalistikasini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani, jurnalistlar oldida voqea-hodisalarni xolis va haqqoniy yoritishdek mas’uliyatli vazifalar turganini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bo‘lim tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Galdagi vazifalar, mavjud muammolar haqida gapirildi, bo‘limga rais saylash masalasi o‘rtaga tashlandi va ko‘rib chiqildi. Ko‘rsatilgan nomzodlar orasidan Dauit Abibullayev O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi etib saylandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesboy Karimov, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Perdegul Xojamuratova va boshqalar nomzodni qo‘llab-quvvatladi.
D.Abibullayev 1964 yil 4 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy shahrida tug‘ilgan. 1995 yil Qoraqalpog‘iston davlat universitetini tamomlagan. Ish faoliyatini 1985 yilda “Ilg‘alli miynet” gazetasi muxbiri sifatida boshlagan. “Qoraqalpog‘iston” radiokanali muharriri, Qoraqalpog‘iston televideniyesi muharriri, “Xo‘jayli haqiqati” gazetasi muxbiri, “Ustoz jolы” gazetalari bosh muharriri, “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasi muxbiri, bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi axborot agentligi sharhlovchisi lavozimlarida samarali faoliyat olib borgan. Ayni kunda u O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Mahalliy axborot tahririyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sharhlovchisi.
Endilikda Dauit Abibullayev bir paytning o‘zida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi sifatida ham faoliyat olib boradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sharap Utemisov qatnashdi.
N.Usmonova, O‘zA