Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025 yil uchun stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturaga hujjat qabul qilish muddatlari joriy yil 10 noyabrga qadar, kirish imtihonlarini tashkil etish esa 30 noyabrga qadar uzaytirildi.
Hujjatlarni daraja.ilmiy.uz sayti va my.gov.uz orqali topshirish imkoni mavjud.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, oliy ta’limdan keyingi ta’lim — jamiyatning oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga ehtiyojini ta’minlashga yo‘naltirilgan uzluksiz ta’lim turi hisoblanadi.
Doktoranturada tahsil oluvchi shaxslarga fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan yetakchi ilmiy xodim lavozim maoshining bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan miqdorda stipendiya to‘lanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA