Bugun Shanxay shahrida iqtisodiyotga bag‘ishlangan milliy darajadagi ko‘rgazma – “China International Import Expo (CIIE)” vaXunsyao xalqaro iqtisodiy forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Nufuzli anjumanni Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan ochib berdi.
Axborot hamkorimiz – “Sinxua” ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tadbirda 129 mamlakatdan jami 3 yarim mingga yaqin ishtirokchi, shuningdek jahonning 500 dan ziyod eng nufuzli sanoat kompaniyalari mas’ul vakillari to‘plangan.
Ko‘rgazmada 400 dan ortiq mahsulot, zamonaviy texnologiya vositalari va yangi xizmat turlari taqdim etilmoqda. Ekspertlar fikricha, global kompaniyalarning Xitoy bozoriga yuksak ishonchidan darak beruvchi mazkur ko‘rgazma bevosita jahon iqtisodiyoti taraqqiyotiga hizmat qiladi.
Forum ochilishida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov nutq so‘zladi. Shuningdek, Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Slovakiya Bosh vaziri o‘rinbosari Denisa Sakova, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Serbiya Bosh vaziri Milosh Vuchevich va Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenovlar ham chiqish qildi.
Turli davlatlar delegatlari esaraqamli iqtisodiyot, sanoat zanjirini yanada takomillashtirish va modernizatsiya qilish, sanoatda sun’iy intellekt tajribasi kabi dolzarb mavzularda ma’ruza o‘qidi.
E’tiborli jihati, 10 noyabrga qadar davom etadigan yirik tadbirni yoritishga 3 800 ga yaqin mahalliy va xorijiy OAV vakillari jalb etilgan.
O‘tkir Alimov, O‘zA