Bugun Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi hamda O‘zbekiston – Pokiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, mehmon yurt savdo vaziri Jam Kamol Xon, shuningdek tegishli vazirlik, idoralar mas’ullari hamda ikki davlatning 100 dan ortiq yirik sanoat korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Dastlab delegatsiya rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvida savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikning hozirgi holati tahlil etilib, aloqalarni rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. Yuqori darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar bajarilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi boshlanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro kelishuvlarni amalga oshirish uchun mas’ul tuzilmalar rahbarlarining batafsil hisoboti, rejalari tinglandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Pokiston bilan savdo miqdori oxirgi besh yilda 3 karar, joriy yil boshidan esa yana 10 foiz o‘sib, 300 million dollardan oshdi. Shu davr mobaynida qo‘shma korxonalar ham uch barobar ko‘payib, 128 taga yetdi. Avtomobilda tashilgan yuk hajmi qariyb 6,5 barobar ortib, 2023 yil 354 ming tonnaga chiqdi.
Yig‘ilishda qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo bitimlarini amalga oshirish bosqichlari batafsil ko‘rib chiqildi. Natijani yanada yaxshilash bo‘yicha qator aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim samaradorligini oshirish, har ikki mamalakatda milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini tashkil etish, savdo uylari ochish va tadbirkorlar uchun elektron savdo maydonchalariga kirish imkoniyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etildiki, investitsiya hamkorligi doirasida 2025-2026 yillar uchun “Sanoat kooperatsiyasi dasturi” ishlab chiqiladi, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik, mashinasozlik sohalarida keng ko‘lamli qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.
Shuningdek, tomonlar transport tizmini rivojlantirish, mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar harakatini soddalashtirish choralarini ko‘rishga kelishib oldilar.
Yakunda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bayonnomasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Pokiston Islom Respublikasi savdo vazirligi o‘rtasida elektron tijorat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
G. Sattorova, O‘zA