BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasidagi tashabbuslar oʻz vaqtida amalga oshiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi tashabbuslari va bayonotlari oʻz vaqtida va keng koʻlamda amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning 1 va 5-bandlari ijrosini taʼminlash boʻyicha Idoralararo ishchi guruhi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Idoralararo ishchi guruh rahbari Sodiq Safoyev olib bordi.
Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida bildirilgan barcha tashabbus va takliflar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yana-da oshirish, koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish yoʻlida yana bir muhim tarixiy qadam boʻldi. Zero, chuqur maʼno-mazmuni, tahliliy ruhi, mintaqaviy va global miqyosdagi eng dolzarb muammolarga konstruktiv yondashuvi va aniq yechim va takliflarni ilgari surgani bilan ahamiyatga ega ekanini nafaqat mamlakatimiz jamoatchiligi, balki xalqaro ekspert va kuzatuvchilar ham eʼtirof etdi.
Yana bir jihat. Ushbu nutqning ilk bor ona tilimizda yangragani oʻzbek xalqining milliy gʻurur va iftixor tuygʻusini yana-da yuksaltirdi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu tashabbuslar BMT doirasida va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan oʻzaro manfaatli va ishonchli aloqalarni izchil davom ettirish va sheriklikni yuqori bosqichga koʻtarishga, qolaversa, Oʻzbekistonning jahondagi mavqeini yana-da mustahkamlab, uning xalqaro imijining keskin oshishiga xizmat qilishi bilan gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida bayon etilgan barcha tashabbuslar ijrosini toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ga urgʻu berildi. Bundan tashqari, Idoralararo ishchi guruh ish rejasining loyihasi koʻrib chiqildi va qizgʻin muhokamadan soʻng tasdiqlandi.
Kodeks va rezolyutsiya loyihalari, qolaversa, ularning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi konsepsiyalar loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi tashabbuslarini amalga oshirishda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining koʻmagi borasida soʻz yuritildi.
Bu borada olib borilayotgan ishlarni aholiga atroflicha yetkazish uchun ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, “Yoʻl xaritasi”ning 1 va 5-bandi boʻyicha amalga oshirilishi muhim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA