OʻzA avval xabar qilganidek, bugun poytaxt Bishkek shahridagi “Ola-Archa” qarorgohida Qirgʻiziston parlamentining navbatdan tashqari majlisi boshlandi.
Yigʻilish kun tartibida “Ata meken” partiyasi yetakchisi Omurbek Tekebayevga deputatlik mandatini qaytarish, Sooronbay Jeenbekovning isteʼfosini qabul qilish, Prezident vakolatlarini Parlament spikeri yoki Bosh vazir zimmasiga yuklash masalalari koʻrib chiqildi.
Deputatlar dastlab Sooronbay Jeenbekovning davlat rahbari majburiyatlarini oʻz zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisidagi arizasini qondirishdi va u majlis zalini tark etdi.
Qirgʻiziston parlamenti spikeri Kanat Isayev rasman Prezident lavozimi majburiyatlarini bajarishdan bosh tortdi. “Bu lavozimni egallamayman. Men hozir bor kuchimni parlamentda bugungi kunda zarur boʻlgan qonunlarni oʻz vaqtida qabul qilinishi uchun sarflamoqchiman”, – dedi u.
Shu tariqa prezident vazifasini vaqtincha Bosh vazir Sadir Japarov bajaradigan boʻldi.
Eslatib oʻtamiz, Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 15-oktyabr kuni xalqqa murojaat qilib, isteʼfo berishini eʼlon qilgandi. Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, davlat rahbari isteʼfo bergan taqdirda uning lavozim majburiyatlari va vakolatlari parlament spikeri zimmasiga oʻtadi. Agar spiker ushbu masʼuliyatni boʻyniga olmaydigan boʻlsa, bunday holatda prezident vazifasini vaqtincha bajarish respublika bosh vaziri zimmasiga yuklanadi. Kecha Qirgʻiziston Bosh vaziri Sadir Japarov oʻz tarafdorlari oldida chiqish qilarkan, Isayev prezident majburiyatlarini bajarishni rad etgani, shu sababli davlat rahbariningn barcha vakolatlari Vazirlar Mahkamasiga oʻtishini bildirgandi.
Mamlakatda parlament saylovlari 20-dekabr kuniga, Prezident saylovi esa 2021-yil 17-yanvarga belgilandi. Bu xabarni OAV vakillariga respublika MSK rahbari Nurjan Shayldabekova maʼlum qildi.
“Parlament saylovlari 20-dekabr kuni boʻlib oʻtishi mumkin”, – dedi u.
“Mamlakat prezidenti saylovi 2021-yil 17-yanvarga belgilanishi ehtimoli bor”, – qoʻshimcha qilgan Shayldabekova.
Qirgʻiziston parlamenti qarori bilan Bishkek shahridagi favqulodda holat bekor qilindi. Maʼlumki, 9-oktyabr kuni poytaxtda yuzaga kelgan tartibsizliklar tufayli respublika prezidenti Sooronbay Jeenbekov shaharda favqulodda holat eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonga imzo chekkandi. Oʻshanda parlament mazkur hujjatni tasdiqlamagan va yoki rad ham etmagandi. Ushbu jarayon uch kun davomida roʻy berishi lozim edi, shuning uchun ham 12-oktyabrda davlat rahbari yana bir bor xuddi shu mazmundagi farmonni chiqarib, imzoladi.
Koʻzda tutilishicha, Soat 22.00 dan 5.00 gacha amal qiladigan komendantlik vaqti tartibi 19-oktyabrgacha saqlanib qolishi lozim edi.
Internet materiallari asosida tayyorlandi.
Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA