Tadbirda, shuningdek, Qirgʻiziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev, Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov qatnashdi.
Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyaning siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, migratsiya, madaniy-gumanitar, xavfsizlik, atrof-muhitni muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik farovonlikni taʼminlash sohalaridagi aloqalarini yana-da mustahkamlash bilan bogʻliq dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston TIV rahbari uchrashuv ishtirokchilariga mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali kurashish, pandemiyaning iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga salbiy oqibatini yumshatish, hududlarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali aholi bandligini taʼminlash, korxonalar va milliy eksportyorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash masasiga alohida eʼtibor qaratildi, bunda Afgʻonistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikka yana-da jalb qilish muhim omil ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida “Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirlarining hamkorlikning strategik yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bayonoti” qabul qilindi.