Nukus shahridagi Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri oʻzining 42-mavsumini P.Aytmuratovning “Ustoz taqdiri” spektakli bilan ochdi.
Yangi mavsumning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vaziri oʻrinbosari J.Abdujamilov teatr faoliyati, bu yerda olib borilayotgan ijodiy ishlarni yuksak baholab, teatr jamoasiga kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tomoshabinlarga taqdim etilgan “Ustoz taqdiri” spektaklida ustozlarni ulugʻlash, ularga hurmat koʻrsatish hamda bugungi kunda dolzarb muammo boʻlib turgan koronavirus pandemiyasi xususida bayon etilgan. Voqealar rivojida muallim boʻlishni orzu qilgan Joldasning bu kasbni egallashga qadar boshidan oʻtkazgan qiyinchiliklari, orzuidagi muallimlik martabasiga erishuvi, maktabda uchragan muammoli vaziyatlari teatr aktyorlari tomonidan mahoratli talqin etilgan. Shuningdek, pandemiya davrida xalqni bu illatdan asrashga bel bogʻlagan kasb egalarining qahramonliklari ham spektaklda oʻz aksini topgan.
Spektakl soʻngida koronavirus tufayli olamdan oʻtgan el ardogʻidagi insonlar xotirlandi.
Maqsad HABIBULLAYEV(surat), OʻzA