BMTning 2021-yilgi byudjet loyihasi 3 milliard AQSH dollari miqdorida koʻrsatilmoqda. Tashkilotning bosh kotibi Antoniu Guterrish 12-oktyabr kuni taqdim etgan ushbu loyiha 2020-yildagidan 2,8 foizga yoki 86,5 million dollarga kamdir, deyiladi BMTning yangiliklar xizmati tarqatgan xabarda.
Xabarda aytilishicha, byudjetda 25 ta lavozim qisqartirilishi ham hisobga olingan.
BMT rahbari byudjetda koʻrsatilgan mablagʻ Tashkilot vakolatini toʻliq, samarali bajarilishini taʼminlashiga ishonchi komilligini bildirgan.
Uning eslatishicha, soʻnggi uch yil davomida Tashkilot oʻzini isloh etishda uchta yoʻnalish boʻyicha sezilarli muvaffaqiyatga erishgan. Bular tinchlik va xavfsizlik, taraqqiyot va boshqaruv.
2021-yilda ushbu islohotlar yangi bosqichga chiqadi. Yangicha yondoshuvlar ishlab chiqiladi, jumladan toʻrtta yangi departament toʻliq ishlay boshlaydi, shuningdek mamlakatlarda doimiy koordinatorlar tizimi yangilanadi.
Taklif etilayotgan byudjetda qator tashabbuslar ham oʻrin egallagan. Ulardan biri kommunikatsiya sohasida BMTning yangi global strategiyasiga moʻljallangan. Tashkilot shuningdek xodimlarni oʻqitish va malakasini oshirish yoʻli bilan tahdidlarni boshqarish tizimini takomillashtirishni koʻzlamoqda. Shuningdek axborot texnologiyasi sohasida umumiy tarmoqlarni mustahkamlash uchun zaxiralar ishga solinadi.
Antoniu Guterrishning taʼkidlashicha, COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq muammolar, ushbu muhim yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarning samarasini oshirish zarurligini namoyon qildi. Bunda birdamlikni kuchaytirish va yolgʻon xabarlarga qarshi kurashish maqsadida BMT tomonidan aloqalarni mustahkamlashga katta eʼtibor qaratiladi.Oʻtgan yili Tashkilot ikki yillik byudjetdan voz kechib, yillik byudjetga oʻtgandi. Shu yoʻl bilan natijadorlikka moʻljallangan mablagʻ oʻtkazmalari masalasiga yana-da hayotiy yondoshuv tanlangan.Aʼzo davlatlar oʻz zimmasiga olgan moliyaviy majburiyatlarini toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirsagina Tashkilot oʻz oldiga qoʻygan vazifalarni bajara oladi.
Maʼlumot uchun: BMTning doimiy byudjeti Tashkilotga aʼzo davlatlar toʻlaydigan badali evaziga shakllanadi. Har bir davlatning toʻlaydigan badal miqdori BMTning umumiy xarajatidan kelib chiqqan holda foizda hisoblanadi. Badal shkalasini BMT Bosh Assambleyasi har uch yilda bir marta belgilab oladi. Unda davlatlarning toʻlov qobiliyati tamoyili asos qilib olingan. Mazkur yondoshuvda har bir davlatning milliy yalpi mahsulot hajmi hisobga olinadi. Agar biror bir davlatning iqtisodiyoti muvaffaqiyatli rivojlanayotgan boʻlsa, u holda ushbu davlatning BMT byudjetiga toʻlaydigan badal miqdori ham oshadi.
Amaldagi shkala boʻyicha, AQSH BMTning doimiy byudjetiga uning 22 foizini toʻlaydi, Xitoy – 12 foiz, Yaponiya – 8,5, Germaniya – 7 foizdan kamroq, Fransiya – qariyb 4,5 foiz, Braziliya – 2,9, Kanada – 2,7, Rossiya – 2,4, Avstraliya – 2,2, Qozogʻiston – 0,18, Ukraina — 0,05, Belarus va Ozarbayjon –0,04, Turkmaniston va Oʻzbekiston –0,03, Gruziya – 0,008, Armaniston – 0,007, Tojikiston – 0,004, Qirgʻiziston – 0,002 foiz toʻlaydi.
Yakuniy qaror Bosh Assambleyaning navbatdagi majlisida tasdiqlanadi.
OʻzA