Tibbiyot muassasasida ayrim jihozlar yetishmaydi

Oʻzbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi, tuman va shahar kengashlari tomonidan deputatlar, partiya faollaridan iborat ishchi guruhlari “Aqlli tibbiyot” loyihasi doirasida Orolboʻyi hududidagi tibbiyot muassasalarida oʻrganish ishlarini olib bormoqda.
Partiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi Matbuot xizmatining OʻzA muxbiriga maʼlum qilishicha, tadbirdan koʻzlangan maqsad, mamlakatimizda aholining tibbiy madaniyatini oshirish, tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi bilan bogʻliq muammolarni oʻrganish va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlashdan iborat.
Ushbu haftada partiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi va Nukus shahar Kengashi xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari tarkibidagi ishchi guruh aʼzolari Nukus shahridagi 6-poliklinikada oʻrganish ishlarini olib bordi. Natijada ushbu oilaviy poliklinikada laboratoriya xonasida termostat va dozator apparatining yoʻqligi, rentgen va UTT apparatlarining eskirganligi, stomatologiya xonasida lotok, zont, pinset kabi jihozlarning yetishmasligi, shuningdek, tibbiyot muassasasida kardiolog shifokorga ehtiyoj borligi aniqlandi.
Mazkur oʻrganish natijalari bүyicha aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga tegishli tartibda maʼlumotnoma taqdim etildi.
Ushbu loyiha doirasidagi oʻrganish ishlari davom etmoqda.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA