“Yosh tengdoshlar” loyihasi uchun treninglar oʻtkazilyapti

Nukus shahridagi Prezident maktabi va Samarqand shahridagi Xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazida oʻquvchi-qizlar uchun “Yosh tengdoshlar” loyihasini amalga oshirish maqsadida seminar-treninglar oʻtkazilmoqda.
Yoshlarga hamrohlik qiluvchi amaliyotchi psixologlar va yoshlar yetakchilari uchun Sogʻlom turmush tarzi, reproduktiv salomatlik, stress boshqaruvi, yumshoq koʻnikmalar, samarali muloqot va taqdimot, vaqtni boshqarish, ijobiy fikrlash mavzularini oʻz ichiga olgan mashgʻulotlar 12-16-oktyabr kunlari boʻlib oʻtmoqda.
Pandemiya sababli sanitariya qoidalariga amal qilgan holda seminar-treninglarda 20 nafardan oʻquvchi-qiz ishtirok etmoqda. Loyihani amalga oshirish uchun 40 nafar oʻsmir-qizlardan iborat trenerlar guruhi shakllantirilgan.
Mazkur seminar-treninglarda ishtirok etgan oʻquvchi-qizlarga tengdoshlik tamoyili asosida hududda joylashgan umumtaʼlim maktablarida (oʻsmir-qizlar uchun) seminar-trening va info-sessiyalarni tashkil etish vakolati beriladi.
Loyiha davomida oʻquvchi-qizlarning “Qizlar salomatlik markazlari” bilan hamkorlikda ishlash tizimini rivojlantirish orqali qizlarning volontyorlik harakati tashkil etiladi.
“Yosh tengdoshlar” loyihasi orqali oʻquvchi-qizlar oʻrtasida erta tugʻruq, sutsid holatlarining oldini olish, oʻquvchi-yoshlarni oilaviy va ijtimoiy hayotga tayyorlash, sogʻlom turmush tarzi va reproduktiv salomatlikni asrash qoidalariga yoshlarning amal qilishini kuchaytirish, gender tenglikni taʼminlashga erishish koʻzlangan.
Maqsad oʻquvchi-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, ular oʻrtasida AKT savodxonligini qoʻllab-quvvatlash orqali sogʻlom turmush tarzini tengdoshlar tamoyili asosida targʻib etishdir.
“Yosh tengdoshlar” loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamda BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA) hamkorligida tashkil etilmoqda.
Loyiha davomida oʻquvchi-qizlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokraturasi, vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan rahbar ayollar bilan onlayn muloqot qilishi rejalashtirilgan.

 

OʻzA