15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni
Maʼlumki, har yili Xalqaro qishloq ayollari kuni (International Day of Rural Women) butun dunyoda keng nishonlanadi. Ayniqsa, qishloq ayollarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faolligi ortib borayotgani jamiyatda ularning mehnati nechogʻli qadrli va ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi. Shuningdek, 16-oktyabr – Butunjahon oziq-ovqat kuni boʻlib, bu yil BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tashkil topganiga 75 yil toʻladi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi hamkorligida bayram tadbiri tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari, qishloq xoʻjaligining turli yoʻnalishlarida samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, fermer va tadbirkor ayollar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Jahonda gender tengligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar mamlakatimiz hayotining barcha sohalari, jumladan, qishloq xoʻjaligi tarmoqlari rivojida ayollar ulushining ortishiga zamin yaratayotgani alohida taʼkidlandi.
Maʼlumotlarga koʻra, rivojlangan davlatlar, xususan, mamlakatimizda ham qishloq ayollari taxminan 43 foizni tashkil etib, ular oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, saqlash, va qayta ishlash tarmoqlarida faol ish olib bormoqda. Jumladan, Qishoq xoʻjaligi vazirligi va tizim tashkilotlarida xizmat qilayotgan xodimlarning 12,8 foizi xotin-qizlar boʻlib, ularning 116 nafari ilmiy darajaga ega.
Tadbirda tashkilotchilar tomonidan bir bir guruh fermer ayollarga ragʻbatlantiruvchi sovgʻalar tarqatildi.
– Hozir davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tufayli biz kabi qishloq ayollari ham barcha jabhalarda faollik koʻrsatyapti, – deydi Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi koʻp tarmoqli “Dastonbek-Azizbek” femer xoʻjaligi rahbari Komila Jumanazarova. – Xoʻjaligimiz paxta, gʻalla va chorvachilikka ixtisoslashgan. Joriy yil 25 gektar paxta dalasida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qildik. Natija kutganimizdan aʼlo boʻldi. Shu bilan birga, oʻz mablagʻimiz hisobidan hududimizda zamonaviy bolalar bogʻchasini tashkil qilib, qishloq ayollarini ish bilan taʼminladik. Muhimi, oʻz mehnatimiz bilan oilamizga, yurtimizga foyda keltirayotganimizdan xursandmiz.
Shuningdek, ushbu sanalar munosabati bilan qishloq xoʻjaligining yuksak yutuqlarini ommalashtirish, jurnalistlarning qishloq ayollari mavzusini muntazam yoritib borishlarini ragʻbatlantirish hamda qishloq xoʻjaligida jurnalistik pozitsiyalarini keng namoyon etishlarini taʼminlash maqsadida eʼlon qilingan tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham oʻtkazildi.
Tanlovga televideniye, bosma va internet nashrlarida chop etilgan jami 240 ta ijodiy ish taqdim etilgan. Ushbu materiallarda respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qishloq ayollarining oʻrni va yutuqlari, mavjud muammolar va ularni hal etish yoʻllari, opa-singillarimizning qishloqni rivojlantirishdagi roli toʻlaligicha aks ettirilishi saralashning muhim shartlaridan biri edi.
Tanlov natijalariga koʻra “Agrar soha ayollari fidokorligi” va “Qishloqning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ayollar faolligi” yoʻnalishlari boʻyicha 15 nafar gʻolib aniqlanib, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Jumladan, internet jurnalistika yoʻnalishida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muhbiri Abdulaziz Musayev ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Muhammad AMIN (surat), OʻzA