Qoraqalpogʻiston Respublikasida 53 nafar xotin-qiz imtiyoz asosida oʻqishga kirdi

Qoraqalpoq davlat universitetining chet tili va adabiyoti taʼlim yoʻnalishiga hujjat topshirib, test sinovlarida 176,5 ball toʻplab, oʻqishga davlat granti asosida qabul qilinishiga atigi 0,1 ball yetmay qolgan qoraqalpogʻistonlik Shahnoza Qoylibayeva 4 foizlik imtiyozni qoʻlga kiritdi.
– Davlat grantiga eng oxiri boʻlib kirgan abituriyentning balli 176,6 ekan. Meniki esa 176,5. Kontrakt. Ota-onamga qanday aytishni bilmadim. Ularni ortiqcha qiyin vaziyatga solib qoʻyish niyatim yoʻq edi. Endi kontraktda oʻqiymanmi, degan ikkilanish bor edi, – deydi Sh.Qoylibayeva. – Shunday vaziyatda 4 foizlik imtiyozga ilinganimni eshitganimda quvonchimni qanday izohlashni ham bilmayman.Shahnoza Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlarning yuqori taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish maqsadida qabul qilingan 4 foizlik davlat granti asosida ajratilgan kvota boʻyicha oʻqiydigan boʻldi.

U Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun ajratilgan umumiy 53ta oʻrinning birini egalladi. Umuman Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va uning tumanlardagi boʻlimlari tomonidan 2 ming 733 xotin-qizlarning murojaatlari koʻrib chiqilib, shundan 1370 xotin-qizlarga ishchi guruhning xulosalari asosida tavsiya berilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida imtiyozni qoʻlga kiritgan 53 nafar talabaga guvohnomalar topshirildi.

 

Ye.Qanoatov, OʻzA