Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida bojxona boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim kuchga kiradi

2020-yilning 14-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari oʻrtasida bojxona ishlarida hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi Bitim kuchga kiradi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlum qilgan.

Mazkur hujjat 2019-yil 25-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyovning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan edi.

Bitim bojxona qonunchiligi buzilishining oldini olish, tegishli vaziyatlarda surishtiruv ishlarini olib borish va qoidabuzarliklarga qarshi kurashishda oʻzaro yordam koʻrsatish tartibini belgilaydi. Mazkur hujjat doirasida ikki mamlakat bojxona organlari Oʻzbekiston yoki BAA hududida amaldagi bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari toʻgʻrisida yoki shubhali shaxs, tovar yoxud transport vositasi haqida bir-birlariga maʼlumot taqdim etadilar.

Hujjat oʻzaro tashqi savdo boʻyicha statistika maʼlumotlarini “koʻzguli statistika” tamoyili boʻyicha ishonchliligini taʼminlash va tovarning bojxona qiymatini nazorat qilish, moddiy-texnik infratuzilmani mustahkamlash va kadrlar malakasini oshirish orqali bojxona maʼmuriyatini modernizatsiya qilishga yordam beradi.

 

OʻzA