1-kurs talabalari uchun darslar boshlandi

Koronavirus pandemiyasi sabab joriy oʻquv yili oliy taʼlim muassasalarida ham oʻzgacha boshlanmoqda. Bugundan 1-kursga qabul qilingan talabalar uchun tanishuv-tanishtiruv darslari oʻtilishi boshlanadi.

Bir hafta davom etadigan bu kabi darslar anʼanaviy shaklda olib boriladi, desak ham boʻladi.

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ham ayni darslar bugun, 12-oktyabrdan boshlandi. Universitetda ayni jarayon uchun alohida tayyorgarlik koʻrildi.

Shu yilning 17-oktyabrigacha davom etadigan oʻqish, universitet tomonidan talabalarning OTMga kelib, yaqindan tanishishlari uchun har bitta yoʻnalish boʻyicha maʼlum bir kun belgilangan.

Aynan tayyorlangan grafik asosida talabalar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim maskaniga kelib, universitet bilan yaqindan tanishadi.

Bugun, 12-oktyabrda “Bosma OAV” va “Sport jurnalistikasi” yoʻnalishlari talabalari universitetga kelib, oʻzi oʻqiydigan OTM bilan tanishgan boʻlsa, 13-oktyabr – “Harbiy jurnalistika” va “Teleradiojurnalistika”, 14oktyabr – “Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar” va “Xalqaro jurnalistika”, 15-oktyabr – “Mediadizayn” va “Mediamarketing va reklama”, 16-oktyabr – “Internet jurnalistika” va “Siyosatshunoslik” yoʻnalishlari talabalari uchun darslar boʻlib oʻtadi.

Bu jarayondan sirtqi taʼlim shaklida tahsil oladiganlar ham chetda qolmaydi. 17-oktyabr kuni “Bosma OAV”, “Teleradiojurnalistika” va “Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar” yoʻnalishlariga qabul qilingan talabalar 2 para darsda qatnashadi. Birinchi parada talabalarga universitet haqida tayyorlangan prezintatsiya taqdim etiladi. Unda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti – qachon tashkil etilgan, universitet tuzilmasi, xodimlari va universitet qadriyatlari haqida maʼlumot taqdim etiladi.

Tanishuv darslarida talabalarning universitetda oʻqish qoidalari, guruh rahbarlari bilan yaqindan tanishtirish, onlayn-platforma, undan qay tarzda foydalanish haqida tushunchalar berish rejalashtirilgan.

Ikkinchi para esa talabaning mutaxassisligi boʻyicha taniqli jurnalistlar tomonidan olib boriladi. “Sport jurnalistikasi” yoʻnalishi talabalariga Mirzahakim Toʻxtamirzayev, “Teleradiojurnalistika” yoʻnalishiga Nilufar Umurzoqova mahorat darslarini olib boradi. Shunday tartib boshqa yoʻnalishlarda ham qoʻllaniladi.

Maʼlumot uchun, yurtimizda COVID-19 pandemiyasi davrida taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini tashkil etish boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining qarori mavjud boʻlib, unda 1-chi kursga qabul qilingan talabalarda oʻqishning birinchi haftasi anʼanaviy shaklda boʻlishi koʻrsatib oʻtilgan.

 

O’zA