“Sardoba ishi” boʻyicha bugungi kunda 17 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan

Joriy yilning 1-may kuni yuz bergan “Sardoba” suv ombori toʻgʻoni oʻpirilishi va natijada katta yer maydonlarini suv bosishi holati boʻyicha Jinoyat kodeksining 207-moddasi, 258-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, tergovda tergov, tezkor-qidiruv tadbirlari olib borildi.
Hozirgi vaqtda tergov organi tomonidan toʻgʻonning loyihalanishi, qurilishi, ekspluatatsiya qilinishi, davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmagan hajmda suv toʻplanishi jarayonlarida yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi holatlariga daxldor 17 nafar shaxs, jumladan, buyurtmachi “Sirdaryo suv qurilish invest” DUK, loyihachi “UzGip” MCHJ, bosh pudratchi – “Oʻztemiryoʻlqurilishmontaj” UK, pudratchi tashkilotlar “Rezaksoy suv qurilish” UK, “Omad Dubl” MCHJ, “Sariosiyo qurilish” MCHJ, “Trans Servis Kompleks” MCHJ, “Toʻpalang Sherobod” SHK, Suv xoʻjaligi vazirligi, Ekspluatatsiya direksiyasi mansabdor shaxslarining bir guruhi tegishli (167, 203, 205, 207, 209, 258) moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, ayblanuvchilarning 7 nafariga qamoqqa olish, 6 nafariga garov, 4 nafariga munosib xulq-atvorda boʻlish haqida tilxat ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Jinoyat ishi doirasida tegishli idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat komissiya tomonidan oʻlchov va taftish ishlari davom ettirilmoqda. Aybdor shaxslarni aniqlash bilan birga yetkazilgan zararning qoplanishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

OʻzA