Qoraqalpogʻistonlik olimaning “Oʻzbekistonda zamonaviy gender siyosatining holati” mavzusidagi ilmiy maqolasi hayʼat aʼzolari tomonidan birinchi oʻringa loyiq deb topildi.
X.Kamalova 46 yillik mehnat faoliyatining 39 yilini yoshlar taʼlim-tarbiyasiga bagʻishladi. 2004-yilda Oʻzbekiston Milliy Universiteti huzuridagi ixtisoslashgan kengashida “Qoraqalpogʻiston Respublikasida ijtimoiy jarayonlarning monitoringi” mavzucida «Sotsiologiya nazariyasi, metodologiyasi va tarixi” ixtisosligi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Oʻquv yuklamasida koʻrsatilgan barcha fanlar boʻyicha oʻquv materiallari “Moodle” tizimiga kiritilgan boʻlib, shu asosda taʼlim berish samarasini amalga oshirish uchun astoydil harakat qiladi. Har bir darsini yangi dasturlar asosida tayyorlab, koʻrgazmali vositalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, elektron va multimedia taʼlim resurslaridan foydalangan holda oliy taʼlimning zamonaviy talablari darajasida olib boradi.
– Ilmiy maqolam nufuzli tanlovda gʻolib boʻlganidan xursandman,-deydi sotsiologiya fanlari nomzodi, dotsent Xatira Kamalova. – Unda bugunning dolzarb masalalaridan biri boʻlgan mamlakatimizdagi gender siyosati tushunchasi, uning mazmun-mohiyati va hozirgi davrdagi muammolari haqida soʻz yuritiladi.
Olimaning shu kunga qadar 66 ta ilmiy va 4 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanmasi nashr etildi. Ilmiy jurnallarda 16 ta, nufuzli xorijiy jurnalda 8 ta, shundan joriy yilning oʻzida 15 ta ilmiy maqolasi chop etildi.
X.Kamalova 2013-yildan boshlab sotsiologik tadqiqot oʻtkazish markazida tadqiqotchilar guruhiga rahbarliq qilmoqda. Ushbu guruh 2013-2018-yillar davomida bir necha dolzarb mavzular boʻyicha sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazdi.
– Oliy taʼlim muassasamizda bugungi kunda 255 nafar xotin-qiz professor-oʻqituvchi faoliyat olib borayotgan boʻlsa, shundan 100 nafardan ziyodini fan nomzodi va dotsent, 12 nafarini turli sohalar boʻyicha fan doktori (DSc) tashkil etadi, – deydi Qoraqalpoq davlat universiteti rektorining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Injoyim Seytnazarova.– Professor-oʻqituvchilarimiz va talaba yoshlarimiz har yili turli tanlovlarda ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritib kelmoqda. Yangi oʻquv yili arafasida “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti, sotsiologiya fanlari nomzodi Xatira Kamalovaning mazkur tanlovda birinchi oʻrinni egallashi Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga bayram tuhfasi boʻldi.
“XXI asr ilmiy texnologiyalari” mavzusidagi V xalqaro ilmiy maqolalar tanlovi gʻolibi tashkilotchilar tomonidan diplom va medal bilan taqdirlandi.