Oʻtgan haftada Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar hukumatlari bosh vazirlari oʻrinbosarlari darajasida oʻtgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi komissiyasi kengashining navbatdagi yigʻilishida mamlakatimizga ushbu ittifoqda kuzatuvchi mavqeini berish masalasi koʻrib chiqildi.
Rossiya, Qozogʻiston, Belarus, Armaniston va Qirgʻiziston vakillari bu masala boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish maqsadida uni YEOIIga aʼzo davlatlarning boʻlajak sammiti kun tartibiga kiritdi. Sammit yaqin oylarda Minskda boʻlib oʻtishi kutilmoqda.
May oyida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatinig yalpi majlisida keng muhokamadan soʻng mamlakatimizning YEOIIda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish taklifi qoʻllab-quvvatlangan edi. Tegishli rasmiy talabnoma Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashiga yuborildi.
Kuzatuvchi maqomini olish Oʻzbekistonga YEOII doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda tashkilotning barcha muhim qarorlaridan xabardor boʻlish imkonini beradi. Bu Oʻzbekistonning YEOIIga aʼzo davlatlar bilan, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, transport, migratsiya va boshqa ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi.
Oʻtgan yili Oʻzbekistonning YEOIIga aʼzo davlatlar bilan tovar aylanmasi 11 milliard AQSH dollaridan oshdi, 2016-yilda bu koʻrsatkich 6 milliard AQSH dollaridan ziyodroq edi.
OʻzA